O‘zbekistonga xorijdan pul kirishi rekord darajaga yetdi
Jamiyat
−
10 iyun 2022
24600May oyida mehnat muhojirlari O‘zbekistonga rekord darajadagi 1,65 milliard dollar jo‘natgan, bu o‘tgan yilning shu ko‘rsatkichidan qariyb 2,7 barobar ko‘pdir. Bu haqda Markaziy bank ma’lum qilgan.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilning yanvar-may oylarida O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi keskin oshib, 4,19 milliard dollarni tashkil qilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,58 milliard dollarga yoki 61 foizga ko‘p.
May oyida esa jismoniy shaxslar O‘zbekistonga rekord miqdorda 1,65 milliard dollar jo‘natgan (avvalgi rekord aprelda 1,07 milliard dollar edi), 2021 yilning may oyida esa bu ko‘rsatkich deyarli 2,7 baravar kam – qariyb 620 million dollarni tashkil qilgan.
Yanvar-may oylarida banklar tomonidan aholidan 4,32 milliard dollarga xorijiy valyuta xarid qilingan, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,6 milliard dollarga yoki 59 foizga ko‘pdir. Birgina may oyida xaridlar hajmi 1,05 milliard dollarni tashkil etgan.
Shu bilan birga, banklar tomonidan fuqarolarga 2,84 milliard dollarga chet el valyutasi sotilgan, bu o‘tgan yilga nisbatan 1,17 milliard dollarga yoki 70 foizga ko‘pdir.
Ma’lumot o‘rnida, 2021 yilda O‘zbekistonga xalqaro pul o‘tkazmalari hajmi 8,07 milliard dollarni tashkil etgan, bu 2020 va 2019 yillarga (6 milliard dollar) nisbatan 34 foizga ko‘pdir. O‘tgan yili transferlarning 70 foizi Rossiya hissasiga to‘g‘ri keldi — 5,67 milliard dollar.
Rossiya Federatsiyasi Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda Rossiyadan O‘zbekistonga 5,5 milliard dollarlik o‘tkazmalar yuborilgan, o‘rtacha o‘tkazma summasi 410 dollarni tashkil qilgan.
LiveBarchasi