O‘zbekistonga xavfliligi aytilayotgan AstraZeneca vaksinasi olib kelinadi. Xavotirga asos bormi?
Jamiyat
−
13 mart 2021
4856Avvalroq O‘zbekiston COVAX dasturi doirasida 2,6 mln doza AstraZeneca vaksinasini olishi haqida xabar berilgandi. Buyuk Britaniya va Shvetsiya davlatlarining AstraZeneca kompaniyasi va Oksford universiteti tomonidan yaratilgan vaksinani qo‘llash natijasida emlanganlarning tomirlarida tromblar hosil bo‘lishi bilan bog‘liq tromboemboliyalar qayd etilganini sabab qilib, dunyoning bir nechta davlatlari xususan, Avstriya, Daniya, Norvegiya va Estoniya davlatlari aholisini mazkur vaksina bilan emlashni vaqtincha to‘xtatishga qaror qildi.
Ushbu davlatlar rahbarlarining fikricha Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mazkur vaksinaning zararsiz ekanligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etmaguniga qadar AstraZeneca vaksinasi bilan emlashga cheklovlar davom etadi. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi O‘zbekistondagi ushbu vaksina bilan bog‘liq vaziyatga izoh berdi.
Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotining rasmiy vakili Tarik Yasharevichning ta’kidlashicha, 2021 yilning 9 martiga qadar dunyo bo‘yicha 268 mln nafar aholi COVID-19 ga qarshi emlangan bo‘lishiga qaramasdan, emlash bilan bog‘liq birorta ham o‘lim holatlari rasman qayd etilmagan.
Mazkur rasmiy vakilga ko‘ra, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bir necha davlatlar tomonidan ehtiyot chorasi sifatida AstraZeneca vaksinasi bilan emlashni to‘xtatib qo‘yganliklaridan xabari bor va to‘liq surishtiruv ishlari amalga oshirilib, qayd etilgan u yoki bu asoratlar aynan AstraZeneca vaksinasining ushbu seriyasi bilan emlanish bilan bog‘liqligi isbotlanmagunga qadar, aniq xulosaga kelish qiyin.
Xizmatga ko‘ra, Dori vositalari Yevropa agentligi (YeMA) farmatsevtik xavfni baholash komitetining fikricha, hatto AstraZeneca vaksinasi bilan emlash bilan bog‘liq tromboemboliya holatlarini o‘rganish va u bilan bog‘liq tavsilotlarni surishtirish jarayonida ham mazkur vaksina bilan emlash ishlari davom ettirilishi kerak. O‘z yo‘lida Xavfni baholash komiteti tomonidan barcha taqdim etilgan hujjatlar o‘rganib chiqiladi va uning yakunlari bo‘yicha Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga tegishli tavsiyalarni kiritadi.
Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti vakili Tarik Yasharevichning ta’kidlashicha COVID-19 ga qarshi ishlatiladigan vaksinalar mazkur kasallikga qarshi immunitetni shakllantirishga qaratilgan bo‘lib, u zinhor boshqa kasalliklar yoki sabablar bilan bog‘liq o‘limlarning oldini olishga xizmat qilmaydi.
Birlashgan millatlar tashkilotining Bosh kotibi Antoniu Guterrishning fikricha, COVID-19 ga qarshi vaksinalar global imkoniyat sifatida qaralishi va 2021 yil davomida 2 mlrd doza xavfsiz va samarali vaksina aholiga yetkazilishi lozim. Shu asnoda, COVAX jamg‘armasi tomonidan sobiq ittifoq davlatlariga 7.2 mln doza COVID-19 ga qarshi vaksina ajratilishi rejalashtirilayotgan bo‘lsa, ularning 90 foizdan ortiqrog‘i Buyuk Britaniya va Shvetsiya davlatlarining AstraZeneca kompaniyasi va Oksford universiteti tomonidan yaratilgan vaksina hisoblanadi. Ozarbayjon, Moldaviya va Ukraina davlatlarida esa, AstraZeneca vaksinasini qo‘llash boshlab yuborilgan.
Bugungi kunda AstraZeneca vaksinasidan 240 mln doza ishlab chiqilgan bo‘lsa, ushbu vaksina bilan 92 ta davlat o‘z aholisini emlamoqda. Faqat, Hindiston davlati ushbu vaksina bilan 20 milliondan ortiq aholisini emlagan bo‘lib, emlanganlar orasida birorta ham nojo‘ya ta’sirlar va o‘lim holatlari kuzatilgani yo‘q.
Xabarda qayd etilishicha, qanday vaksina bo‘lishidan qat’iy nazar COVID-19 ga qarshi emlanish va kasallikdan himoyalanish imkoniyatining borligiga, kasallanib qolishdan ham og‘ir oqibatlarga mubtalo bo‘lishdan saqlanib qolishning imkoniyati sifatida qaralishi kerak.
LiveBarchasi