O‘zbekistonga qaysi davlat do‘st?

Jamiyat

Yaxshiga yondosh – yomondan qoch. Bu maqol nafaqat odamlar, balki davlatlar o‘rtasidagi munosabat jarayoniga ham mos tushadi. Bugun O‘zbekiston ham o‘ziga do‘st deb bilgan mamlakatlar bilan hamkorlik qilmoqda. Xo‘sh, rasmiylar o‘ziga do‘st deb bilgan davlatlarni odamlar ham do‘st deb ataydimi? Umuman olganda o‘zbeklar qaysi davlatni O‘zbekiston uchun do‘st deb biladi? Bunga sabab nima? Xuddi shunday savollar bilan QALAMPIR.UZ odamlarga yuzlandi.

“O‘zbekiston uchun Rossiyani do‘st deb bilaman. Chunki bu davlat bilan oldi-berdi tomonlama shartnomalar imzolangan. Hozirda ko‘pchilik fuqarolarimiz o‘sha yerda ishlaydi. Menimcha, ish sharoiti ham yomon bo‘lmasa kerak”, deydi fuqarolardan biri.

“Rossiyani ko‘proq do‘st deb bilaman. Chunki ko‘proq yordam beradi. Ko‘p yurtdoshlarimiz u yoqqa ketadi, hamkorligimiz yaxshi. Ustiga-ustak Putin bu yoqdan chiqqan Prezident”, deydi boshqa bir fuqaro.

So‘rovnomada ishtirok etgan odamlarning ko‘pchiligi O‘zbekistonga aynan Markaziy Osiyo, turkiy davlatlar hamda Yaqin Sharq mamlakatlari do‘st ekanligini aytdi. Ularning fikricha, aynan bu davlatlar bilan ko‘proq aloqalarni mustahkamlash zarur.

“Malayziya, Singapur, Indoneziya kabi davlatlarni do‘st deb bilaman va bu davlatlar bilan yanada hamkorlik bo‘lishini xohlar edik. Ular mamlakatni iqtisodiy rivojlantirishni o‘ziga xos, bizning mentalitetimizga mos yo‘lini tanlagan, ya’ni, sharqona madaniyatga mos” deydi yo‘lovchi ayol.

“Malayziya, Turkiya kabi davlatlar do‘st. Chunki, xalqlari yaxshi, odamlari yaxshi. Ko‘chalari toza” deydi boshqa bir fuqaro.

“Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya kabi davlatlarni do‘st deb bilaman. Umuman olganda MDH davlatlari bir-biriga yaqin, qondoshmiz”, deydi so‘rovnoma ishtirokchilaridan biri.

Shuningdek, mazkur so‘rovnomada ishtirok etgan fuqarolar orasida O‘zbekistonga rivojlangan davlatlar do‘st ekanligini alohida ta’kidlab o‘tganlar ham bo‘ldi.

“O‘zbekiston uchun Koreya davlatini do‘st deb bilaman. Chunki Koreya shartnoma bilan ko‘p ish beryapti. Odamlar noqonuniy, yolg‘on-yashiq yo‘llar bilan emas, to‘g‘ri yo‘l bilan borib ishlashyapti. Borib ishlayotganlarning biri-ikki bo‘lyapti. Maoshi ham yaxshi”, deydi ulardan biri

“Turkiya, Angliya, Amerikani do‘st deb bilaman. Chunki, biz eski davrda tug‘ilgan odamlarmiz. Hamma davlatlar bir-biriga do‘st bo‘lib kelgan”, deydi boshqa biri.

Mazkur so‘rovnoma jarayonida QALAMPIR.UZ faqatgina odamlardan O‘zbekistonga qaysi mamlakatlar do‘st ekanligi to‘g‘risidagi savollar bilan emas, balki yana qaysi davlatlar bilan hamkorlikni rivojlantirishi kerakligiga doir savollar bilan murojaat qildi.

Bu jarayonda odamlar asosan turli sohalarda rivojlangan davlatlar bilan yaqindan hamkorlik qilish kerakligini aytdi. So‘rovnomada ishtirok etgan juda kam sonli fuqarolar esa Rossiya bilan aloqalarni yanada kuchaytirish zarurligini bildirdi.

“Fransiya, Italiya kabi davlatlar bilan hamkorlik qilishini xohlar edim. Misol uchun, Italiyani mashinalari ancha kuchli. Germaniya bilan hamkorlik qilsak bizni kelajakda kuchayishimizga har tomonlama yordam beradi”, deydi ishtirokchilardan biri

“Xitoy bilan kengroq hamkorlik qilinishini xohlar edik. Bunga sabab u yerda ko‘proq ishlab chiqarishga e’tibor beriladi. Kerak bo‘lsa u yerda har bir uyda ishlab chiqarish yaxshi. Bu esa bizda import hajmini kamaytirib, eksport hajmini oshirishga imkon beradi. Bu iqtisodiyotimizga katta yordam beradi, deb o‘ylayman”, deydi yana bir shaxs.

“Rivojlangan davlatlar bilan ko‘proq hamkorlik qilish kerak. Misol uchun, Amerika, Germaniya, Rossiya bilan bundan ko‘proq hamkorlik qilishi kerak. Do‘stona munosabatlar ko‘paysa, biz talabalar uchun yana ham imkoniyat kengayadi. U yerda o‘qib, yetuk mutaxassis kadr bo‘lish niyatimiz bor”, deydi talaba yigit.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing