O‘zbekistonga 5 ta zamonaviy elektrovoz keltiriladi
Jamiyat
−
20 avgust 2019 4444 1 daqiqa
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning lokomotiv parki joriy yil oxiriga qadar 3 ta, 2020 yilning birinchi choragida yana 2 ta 3ES5K elektrovozlari bilan to‘ldiriladi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga investitsiyaviy loyihalar dasturiga ko‘ra, shu yil boshida Rossiyadan 2 dona 3ES5K rusumli yangi elektrovozlar keltirilgan edi. Ish faoliyati davomida mazkur elektrovoz mutaxassislar tomonidan muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazildi. Shu bois asosan yuk tortish uchun mo‘ljallangan lokomotivdan yana 5 ta olib kelish bo‘yicha shartnoma imzolangan.
Ma’lumot o‘rnida: Zamonaviy yuk elektrovozi 1ming 520 mm temir yo‘llarda yurish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, 3 ta seksiyadan iborat. Har bir seksiyada 4 ta g‘ildirak juftligi o‘rnatilgan. Elektrovozning tortish kuchi soatiga 9 ming 840 kilovatt tashkil etgan bo‘lsa, Xitoydan keltirilgan 1 ta seksiyali “O‘zbekiston” elektrovozining tortish kuchi soatiga 6 ming kilovatt edi.
Ko‘rinib turibdiki, mazkur lokomotiv boshqalarga nisbatan juda katta kuchga ega. Shuningdek, bir soatlik minimal yurish tezligi 49,9 kilometr/soatni tashkil etadi. Eng yuqori yurish tezligi 110 kilometr/soat Elektrovoz qishning izg‘irin sovug‘ida ham, yozning jaziramasida ham yurishga mo‘ljallangan. Lokomotiv kabinasi to‘liq kompyuterlashtirilgan bo‘lib, mashinist uchun barcha qulayliklar yaratilgan.
Live
Barchasi