O‘zbekistonga 160 davlat ichidan birinchi bo‘lib so‘z berildi – Norboyeva Mirziyoyevning BMTdagi nutqi haqida

Jamiyat

Avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida nutq so‘zlagani haqida xabar bergan edik. Tadbirda ishtirok etgan 160 ta davlat va Hukumat rahbarlari orasidan Shavkat Mirziyoyevga birinchi bo‘lib so‘z berilgan. Bu haqda Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Senat huzuridagi Yoshlar parlamentining hisobot majlisida ma’lum qildi.

“Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev BMT Inson huquqlari Kengashidagi ma’ruzalariga e’tibor bering. Boshqa davlat rahbarlari kabi ularni juda hurmat qilamiz. Nima deb o‘ylaysiz, bizning davlatimiz rahbariga birinchi bo‘lib so‘z berilishi nimadan dalolat?

Sessiyada 160 ta davlat va Hukumat rahbarlari ishtirok etdi. Lekin bizning mamlakatimizga birinchi bo‘lib so‘z berilgani birinchidan, davlatimizga ko‘rsatilayotgan juda katta hurmat, davlatimiz yetakchisiga bo‘lgan juda katta ishonch namunasidir”, deydi Norboyeva.

Shuningdek, Senat raisi O‘zbekistondagi gender tenglik masalasiga ham to‘htalib o‘tdi.

“Avvallari gender so‘zini bizning davlatimizda ishlatish mumkin emas, deyishardi. Nima uchun? Chunki gender tengligi bu ayollarda qandaydir g‘arbona yondashuv uyg‘otadi, deb o‘ylashardi. Bu aslida ayollar va erkaklarga teng imkoniyat yaratish, deya tushunilmas edi. Shuning uchun bu narsani aytishga ham qo‘rqardik”, deydi u.

Norboyevaning ta’kidlashicha, Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgach, gender tenglik masalasi baralla aytila boshlandi.

“Mana davlatimiz rahbari hokimiyatga kelganidan so‘ng, gender tenglik masalasi baralla aytila boshlandi. Hozir ayollarning o‘rni qanchalik o‘sib borayotganini ko‘rib turibsiz. Biz parlamentdagi ayollar ulushi nuqtai nazaridan dunyo bo‘yicha eng yuqori o‘rinlardamiz. Vazir ayollar, vazir o‘rinbosarlari, qo‘mita raislari, elchi, hokim ayollar paydo bo‘lyapti. Bu faqat jarayonning boshlanishi.

Mana hozir shu yerda o‘tirgan parlament a’zolari orasidagi qizlarimiz ham faol bo‘lishi, ham oilasini namunali qilib ko‘rsata olishi kerak. Chunki bizda shunday talab bor: oila ham namunali bo‘lishi kerak. Turmush o‘rtog‘i bilan yaxshi yashab, mana shu lavozimlarni egallayman desa, albatta qo‘llab-quvvatlaymiz. Gender tenglik siyosati mana shu tarzda davom etaveradi”, deydi Tanzila Norboyeva.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

164

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing