O‘zbekistondagi saylovlarda haqiqiy muxolifat bo‘lmadi – YeI

Jamiyat

image

27 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston parlamentiga saylovda saylovchilarning “haqiqiy tanlovi qolmadi”. Bu baho Yevropa tashqi harakatlar xizmati (EEAS) tomonidan kecha, 28 oktyabr kuni e’lon qilindi.

“Yevropa Ittifoqi 27 oktyabr kuni O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari yakunlari bo‘yicha YeXHT Saylovlarni kuzatish missiyasining dastlabki bahosini e’tiborga oladi. Ularning baholashi shuni ko‘rsatadiki, saylov tizimi bosqichma-bosqich rivojlanib, saylovlarga texnik jihatdan yaxshi tayyorgarlik ko‘rilgan bo‘lsa-da, siyosiy muhit saylovchilarga haqiqiy tanlov imkoniyatini bermay, cheklanganligicha qolmoqda”, deyiladi bayonotda.

Shuningdek, Yevropa Ittifoqi ushbu saylovlar davomida qayta ko‘rib chiqilgan qonunchilik bazasida erishilgan yutuqlarni, xususan, nogironlarning ovoz berishini osonlashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni va yangi parlamentdagi o‘rinlarning kamida 40 foizini ayollar egallashini olqishlagan va O‘zbekiston hukumatini ushbu saylovlarda erishilgan texnik standartlar bilan tabriklagan.

Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi davom etayotgan kamchiliklarni, ya’ni faqat hukumat tomonidan rasman ma’qullangan partiyalar o‘z nomzodlarini ko‘rsatish huquqiga ega bo‘lganligini, bu esa muxolif partiyalarning tanlovda qatnashmasligiga olib kelganligini ta’kidlagan. 

“Yevropa Ittifoqi, shuningdek, YeXHT tomonidan saylov kunida aniqlangan qonunbuzarliklar, huquqbuzarliklar, protsessual va texnik muammolar hamda jarayonning yaxlitligini shubha ostiga qo‘yuvchi va shaffoflikka putur yetkazuvchi kafolatlarga hurmatsizlik bilan bog‘liq ko‘plab holatlar aniqlanganini ham e’tiborga oldi. Yevropa Ittifoqi saylovlarni haqiqatdan ham adolatli va erkin deb ta’riflashdan oldin O‘zbekistondagi demokratik jarayonlarga qo‘shimcha sarmoya kiritish zarur, deb hisoblaydi. Bo‘lajak parlament saylovlari mustaqil nomzodlar uchun ochiq bo‘lishi kerak. Islohotlarni amalga oshirish mumkin bo‘lgan barqaror muhitni o‘rnatish uchun mazmunli jamoatchilik muhokamasi, shu jumladan muxolifat ovozlari uchun maydon yaratish va himoya qilish juda muhim”, deyiladi YeI bayonotida.

Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonni demokratik islohotlarni amalga oshirish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash, xususan, ushbu va avvalgi YeXHT/DIIHB Saylovlarni kuzatish bo‘yicha missiyalarining tavsiyalarini to‘liq amalga oshirishga sodiq qolishini bildirgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda parlament saylovlarida hukmron Liberal-demokratik partiya (O‘zLiDeP) g‘olib deb e’lon qilindi. O‘zLiDeP Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi 150 deputatlik o‘rinlaridan 64 tasini, “Milliy tiklanish” – 29, “Adolat” – 21, XDP – 20, “Ekopartiya” – 16 o‘rinni egalladi. Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, saylovda saylovchilarning 74,72 foiz ishtirok etgan.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston saylov EI

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing