O‘zbekistondagi OTMlarda ham qishki ta’til uzaytirildi
Jamiyat
−
05 yanvar 2023
12744O‘zbekistonda oliy va professional ta’lim muassasalari, akademik litsey talaba-o‘quvchilari uchun ham qishki ta’til muddati 2023 yil 18 yanvarga qadar uzaytirildi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi xabar berdi.
“Gidrometeorologiya xizmati markazi xabariga asosan 10 yanvardan boshlab, havo haroratining keskin pasayishi davrida aholi o‘rtasida, ayniqsa ta’lim tashkilotlarida mavsumiy gripp kasalligining keskin ko‘payishining oldini olish maqsadida oliy va professional ta’lim muassasalari, akademik litsey talaba-o‘quvchilari uchun qishki ta’til muddati 2023 yil 18 yanvarga qadar uzaytirildi.
Dars mashg‘ulotlari 18 yanvardan boshlanadi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, uzaytirilgan ta’til davrda ta’lim tashkilotlari pedagog va boshqa xodimlarga amaldagi ish haqi to‘lovlari saqlanib qoladi.
Shuningdek, ta’til kunlari talabalar uchun ilmiy maqolalar tayyorlash bo‘yicha onlayn seminarlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladi.
Talaba-o‘quvchilarning o‘z ta’lim muassasalariga qaytishlariga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida avia hamda temir yo‘l chiptalari tarif qismidan 50 foiz miqdorida chegirma berilishi muddati ham 2023 yilning 18 yanvariga qadar uzaytirilgan.
Eng asosiysi, 9 yanvargacha xarid qilingan avia va temir yo‘l chiptalari bepul tarzda tegishli muddatga almashtirib beriladi.
Bundan tashqari, ta’til uzaytirilishi munosabati bilan avia hamda temir yo‘llarda qo‘shimcha joy (reys)lar ajratiladi.
Ushbu davrda belgilangan dars mashg‘ulotlari o‘quv yili davomida tig‘izlashtirib o‘qitiladi.
Qishki ta’til muddatining 17 yanvargacha uzaytirilishi barcha bo‘g‘indagi ta’lim muassasalari, xususan, nodavlat umumta’lim maktablari, professional ta’lim muassasalari, nodavlat oliy ta’lim muassasalari, ularning filiallari va xorijiy OTMlarga ham taalluqli.
LiveBarchasi