O‘zbekistondagi masjidlarda yomg‘ir so‘rab istisqo namozi o‘qiladi – Musulmonlar idorasi
Jamiyat
−
25 noyabr 10109 2 daqiqa
Joriy yilning 28 noyabr kuni juma namozidan keyin O‘zbekistondagi barcha masjidlarda yomg‘ir so‘rab, jamoat bilan ikki rakat istisqo namozi o‘qiladi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi xabar berdi.
“Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam yomg‘ir yog‘may, suvsizlik bo‘lgan davrlarda jamoat bilan qiblaga yuzlanib, duo qilganlari, keyin o‘zlari imom bo‘lib namoz o‘qiganlari rivoyat qilingan. Alloh taolodan suv-yomg‘ir so‘raladigan istisqo namozi fazilati hadis kitoblarida bayon qilingan.
Joriy yilda kuz fasli yomg‘irsiz o‘tayotgani, kelgusi kunlarda ham yog‘ingarchilik kutilmayotgani, yomg‘ir esa rizqu-ro‘z, mo‘l-ko‘lchilik omili ekani e’tiboridan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari tashabbuslari bilan 2025 yil 28 noyabr kuni juma namozidan keyin yurtimizdagi barcha masjidlarda Alloh taolodan tavba-tazarru, istig‘for ila yomg‘ir so‘rab, jamoat bilan ikki rakat istisqo namozi o‘qiladi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, viloyatlar, tuman-shaharlar markaziy masjidlari va ziyoratgohlarda jonliqlar so‘yilib, yordamga muhtoj oilalar, yetim-yesirlar, beva-bechoralar, miskinlar, boquvchisini yo‘qotgan keksalarga tarqatiladi.
Idoraga ko‘ra, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi Oliy va o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalari ustoz va talabalari tomonidan Imom Buxoriy “Sahihi Buxoriy” asari shu yil 28 noyabr kuni juma namoziga qadar xatmul kutub qilinadi.
Makkai mukarrama va Madinai munavvarada umra ziyoratida bo‘lib turgan ellikboshi imom-domlalarga Harami shariflarda o‘z guruhlari ishtirokida istisqo namozini o‘qishlari tavsiya etilmoqda.
Live
Barchasi