O‘zbekistondagi mahalla bankirlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi

Jamiyat

image

Endilikda O‘zbekistondagi tumanlarda mahalla bankirlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu taklif bugun, 16 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan bank xizmatlari orqali mahallalarda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha joriy yilda amalga oshirilgan ishlar va 2025 yil uchun asosiy rejalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida qo‘llab-quvvatlandi.

Yig‘ilishda mahallalar darajasida hokimlar banklar bilan hamkorlikda ishlashi zarurligi qayd etildi. Ular mahallalarda 4 ta tajribani kengaytirib, odamlar daromadini oshirish bo‘yicha birgalikda ishlaydigan tizim bo‘ladi.

Bildirilishicha, bunda tuman banklari mijozbay ishlab, tadbirkorlar loyihalariga ko‘maklashadi, ularning muammolarini joyida hal etadi, tuman hokimlari esa loyihani joy va infratuzilma bilan ta’minlash majburiyatini oladi.

Mahalla bankirlari mahallaning biznes imkoniyatlarini o‘rganadi, odamlar bilan gaplashib, ularning g‘oyalarini loyihalarga aylantiradi. Aholini kredit olish, qaytarish, biznes ochish, mahsulotini sotishga o‘rgatadi, loyihalarga hamrohlik qiladi. 

Shuningdek, jahon iqtisodiyotidagi murakkab vaziyat butun dunyoda milliy iqtisodiyotlarga ta’sirini o‘tkazayotgani qayd etildi. Bunday sharoitda O‘zbekiston moliya-bank tizimining barcha darajalarida moliyaviy intizom va shaxsiy mas’uliyatni kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi.

Yig‘ilish davomida iqtisodiy kompleks rahbarlarining hisobotlari, banklarning takliflari tinglandi, hududlardagi tadbirkorlarning ijobiy tajribasi ko‘rib chiqildi.


Maqola muallifi

Teglar

mahalla bankirlari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing