O‘zbekistondagi barcha JIEMlarda karantin kuchaytirildi. Uchrashuvlar taqiqlandi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining qarori va tavsiyasiga binoan mamlakatdagi barcha jazoni ijro etish muassasalarida karantin tartibi kuchaytirildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish departamenti QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi. 

Shu munosabat bilan joriy yilning 6 iyul kunidan boshlab jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan shaxslarning yaqin qarindoshlari bilan uzoq va qisqa muddatli uchrashuvlari vaqtincha to‘xtatiladi. Buning o‘rniga ularning iltimosiga qarab telefon orqali so‘zlashuvlar tashkillashtiriladi.

Jazo muddatini o‘tayotgan shaxslarning advokat, tergovchi va huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari bilan uchrashuvlari karantin qoidalariga qat’iy amal qilingan holda, maxsus xonalarda tashkil etiladi. 

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi JIKning 78-moddasi talablariga muvofiq, jazo muddatini o‘tayotgan shaxslarga jo‘natiladigan posilka, yo‘qlov yoki banderollar pochta xizmatlari orqali qabul qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, mamlakatda koronavirus infeksiyasiga chalinish holatlarining ko‘paygani sababli bugun, 28 iyundan e’tiboran O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining qarori bilan qator karantin cheklovlar joriy qilindi.

Unga ko‘ra: 

•  joriy yilning 28 iyunidan 12 iyuliga qadar Toshkent shahriga qo‘shni viloyatlardan avtotransport (avtobus, avtomobil) vositalari orqali o‘ta zarurat bo‘lmagan hollarda kirish bo‘yicha cheklovlar o‘rnatildi;

•  xavf osti guruhiga mansub aholi qatlamlari bilan birgalikda Toshkent shahri aholisining 18 yoshdan katta bo‘lgan barcha qatlamini o‘zlari biriktirilgan oilaviy poliklinikalarda koronavirus infeksiyasiga qarshi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan ihtiyoriy tarzda ommaviy emlanishi belgilandi;

•  joriy yilning 28 iyunidan boshlab respublika bo‘ylab ko‘ngilochar ob’ektlar – restoran, tungi klublar, diskoteka, karaoke, bilyard zallari va kompyuter o‘yinlari markazlari hamda umumiy ovqatlanish ob’ektlari – kafe, oshxona, choyxonalarni ishlashiga soat 8:00 dan 20:00 gacha ruxsat beriladi;

•  ko‘ngilochar va umumiy ovqatlanish ob’ektlarida tashrif buyuruvchilarga ushbu muassasalarning umumiy sig‘imining 50 foizidan qat’iy oshirmagan holda xizmat ko‘rsatish belgilandi.

Shuningdek, ochiq maydonlar yoki yopiq majmualarda bo‘lishidan qat’iy nazar, yurtimizda barcha turdagi ommaviy bayram tadbirlari, sport musobaqalari, shuningdek, konsert, festival, teatr va kino dasturlari vaqtincha to‘xtatilishi belgilandi.

1 avgustdan boshlab to‘y va marosimlarni 50 kishidan ko‘p bo‘lmagan holda o‘tkazish belgilandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

182

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing