O‘zbekistondagi 77 nafar bolada spinal mushak atrofiyasi aniqlangan – SSV

Salomatlik

image

O‘zbekistondagi 77 nafar bolada kamyob kasallik — spinal mushak atrofiyasi aniqlangan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova ma’lum qildi.

Bositxonovaga ko‘ra, spinal mushak atrofiyasi kamyob irsiy kasallik hisoblanadi. U onaning homiladorlik vaqtida bolada vujudga keladi. Eng yomoni, xastalik o‘z vaqtida, ya’ni 6 oy ichida davolanishi zarur. Aks holda, bunday bemorlarning teng yarmi 2 yoshga yetgunicha vafot etadi.

Qayd etilishicha, dunyo bo‘yicha ushbu kasallik har 610 ming chaqaloqdan birida uchraydi. Ammo jajji bemorlarning 50 foizi 2 yoshga yetmay nafas yetishmovchiligi sababli hayotdan ko‘z yumadi. 

O‘zbekistonda ham 77 nafar bolada ushbu kasallik tahlili namunalari tasdiqlangan. Ularning 24 foizi qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh oqibatida, 40 foizi esa ikki va undan ko‘p spinal mushak atrofiyasi bilan tug‘ilgan bolali oilalar hamda 36 foizi ota ham, ona ham ushbu gen tashuvchisi bo‘lgan oilalarda dunyoga kelgan. 

Vazir o‘rinbosarining ta’kidlashicha, shu paytgacha mamlakatda ushbu xastalikka chalingan bemorlar uchun (mablag‘ belgilanmagani tufayli) diagnostika va davolash standartlari, klinik protokollar ishlab chiqilmagan. Bu xastalik bo‘yicha yagona registr hamda shunday kasallik bilan farzand dunyoga keltirishi mumkin bo‘lgan shaxslar xavf guruhi (ommaviy tekshiruv uchun genetik laboratoriyalar mavjud emasligi sababli) shakllantirilmagan. 

Spinal mushak atrofiyasini aniqlash imkonini beruvchi molekulyar genetik tekshiruv faqatgina xususiy laboratoriyalarda pullik asosda o‘tkazib kelingan. Ustiga-ustak, bitta tahlilning o‘rtacha qiymati — 3,5 million so‘m. Shunda ham mavjud laboratoriyalar bolalarda gen terapiyasini o‘tkazish uchun yetarli darajada, deb bo‘lmaydi.

Qolaversa, murakkab genetik tekshiruvlar uchun mamlakatda hududidan qon namunasini olib chiqish maqsadida maxsus ruxsatnoma berish tartibi mavjud emas edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

387

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing