O‘zbekistondagi 2 ta OTMda madaniy meros ob’ektlarini asrash fakulteti ochiladi
Jamiyat
−
07 aprel 2021
3574O‘zbekiston Prezidentining “Turizm va sport vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qarorga ko‘ra, Madaniyat vazirligining moddiy madaniy meros sohasidagi UNESCO bilan ishlash hamda muzeylar va kutubxonalarni rivojlantirish bilan bog‘liq vazifa va funksiyalari tegishliligicha Turizm va sport vazirligi hamda Madaniy meros agentligiga o‘tkazildi. Bu haqda Adliya vazirligining Telegram’dagi “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.
Turizm va sport vazirligiga ishga qabul qilish Bosh vazir o‘rinbosari – turizm va sport vaziri tomonidan tegishli davlat organlari tomonidan ilgari amalga oshirilgan kelishuvlarni inobatga olgan holda, mustaqil amalga oshiriladi.
Qarorga ko‘ra, 2021/2022 o‘quv yilidan:
Toshkent arxitektura-qurilish instituti va Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida madaniy meros ob’ektlarini asrash fakultetlari;
Buxoro arxitektura va qurilish kollejida Madaniy meros ob’ektlarini asrash yo‘nalishi ochiladi.
Shuningdek, Turizm va sport vazirligi ta’sischiligida “Ommaviy tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish direksiyasi” davlat unitar korxonasi tashkil etiladi.
2021 yil davomida moddiy madaniy meros ob’ektlari, muzey, sport majmualari va boshqa namoyish ob’ektlarida elektron to‘lov, turniket (lazer-datchikli) va video qayd qilish moslamalarini o‘rnatishni, kirish biletlarini oldindan sotib olishni nazarda tutuvchi yagona markazlashgan elektron tizim joriy etiladi.
2021 yil 1 sentyabrga qadar mazkur tizim namuna sifatida Samarqand shahrida yo‘lga qo‘yiladi.
Bundan tashqari, hududlarda uzoq yillar davomida shakllangan me’morchilik maktablarini saqlab qolish va rivojlantirish maqsadida davlat muassasasi shaklida “Madaniy meros ob’ektlari restavratsiyasi direksiyasi” va bosqichma-bosqich ravishda uning mintaqaviy restavratsiya markazlari tashkil etiladi.
LiveBarchasi