O‘zbekistonda jurnalistlar ta’qibga olindimi? Ikki jurnalist uyiga IIB xodimlari borganini aytmoqda
Jamiyat
−
09 dekabr 2022
10029Facebook’ning o‘zbek segmenti bugun tongdan yana jumbushga keldi. Oxirgi soatlarda Toshkentda istiqomat qilib, jurnalistik faoliyatini olib borayotgan ikki jurnalist ijtimoiy tarmoqlarda yozilgan posti uchun ichki ishlar idoralari xodimlari tomonidan savollarga tutilayotgani diqqat markazida bo‘lib turibdi. Bu haqda birinchilardan bo‘lib Oyina.uz portali Bosh muharriri o‘rinbosari Inobat Ahatova o‘zining Facebook sahifasi orqali xabar berdi.
Ahatovaga ko‘ra, uning ota-onasi kecha, 8 dekabr kuni Samarqand viloyati Narpay tumani IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga chaqirtirilgan.
“Kecha bir holat bo‘ldi. Xonada o‘tirsam qishloqdan telefon jiringladi. Olsam, oyimning xavotirli ovozi. Tinchmisan, ahvoling yaxshimi, ishing tinchmi deb so‘rab ketdi. Yaxshi hammasi, nima gap desam ota-onamni tuman IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi (pasport stol)ga chaqirishgani aytdi. Salomatligi sabab dadam bora olmagan, onam borib kelibdi.
Qisqasi oyimning aytishicha, IIB xodimi (o‘zini tanishtirmabdi, onam ham shoshganidan so‘rash esdan chiqqan) oyim bilan feysbukdagi postlarim bo‘yicha gaplashibdi. Nega bunday yozdi, bu postida nega bunaqa degan, nimaga unaqa kabi savollar. Ota-onam yoshi katta insonlar, ijtimoiy tarmoqlarni kuzatmaydi. Tabiiyki, oyim aynan qaysi postimni nazarda tutishganini unchalik tushunmagan. Faqat sal-pal eslagani ancha vaqt avvalgi postlar, soqol, diniy mavzudagi fikrlar bo‘lgan (qizig‘i bu mavzular haqida deyarli umuman yozmayman ham). Suhbat so‘nggida telefon raqamimni olishgan, xavotirga hojat yo‘qligi ham aytilgan.
Biroq baribir uzoqdagi oilam uchun yoqimsiz, xavotirli kun bo‘ldi. Zo‘rg‘a tinchlantirdim, menda hammasi yaxshiligiga ishontirdim.
Umumiy voqea haqida bilsam-da nega bunday bo‘lganini ochig‘i tushunmadim. Nimaga chaqirishdi, nega postlarni yozgan men emas, ota-onam chaqirilyapti, aynan qaysi postlarim ularga yoqmabdi, gap eski postlar haqida bo‘lsa nega aynan kecha shoshilinch chaqirishgan, maqsadlari nima bo‘lgan?Bu ish orqali ota-onam va menga ruhiy bosim qilmoqchi bo‘lishdimi?”, deb yozadi Ahatova.
Postda qayd etilishicha IIB xodimlari jurnalistning ota-onasidan uning telefon raqamini olgan, biroq oradan bir kun o‘tsa-da unga hech kim qo‘ng‘iroq qilmagan.
“Aytmoqchi bo‘lgan gapim: men hozir 27 yoshdaman. O‘z harakati, gapi uchun o‘zi javob berishi kerak bo‘lgan, muomala layoqatiga ega fuqaroman. Yoshi ulug‘, men uchun salomatligi hamma narsadan qadrli bo‘lgan ota-onamni boshqa ovora qilmanglar, biror narsani aniqlashtirmoqchi bo‘lsangiz o‘zimdan so‘rang.
Feysbukka kelsak u yerda men shaxsiy fikrlarimni konstitutsiyada kafolatlangan fikrlash, so‘z erkinligi huquqimdan foydalanib yozaman. Birovning erkinligi, sha’niga daxl qilmagan holda, albatta. Kecha, 2022 yil 8 dekabr konstitutsiya kuni sanasi men uchun shunday voqealar bilan esda qoldi. Noaniqlik, savollar, yaqinlarimning xavotirlari...” deb yozgan jurnalist Inobat Ahatova Facebook’dagi posti oxirida.
Shuningdek, Gazeta.uz nashri fotomuxbiri Shohruh Haydarov ham bugun erta tongdan ichki ishlar xodimlari Qarshi shahridagi uyiga qidirib kelgani haqida Facebook’da yozdi.
“Ertalabdan uydan qo‘ng‘iroq bo‘ldi, bu gal begona raqamdan faqat. Ko‘tarsam, “ichki ishlardanman, uyinga keldim, qayerdasan, qachon kelasan, gaplashib olishimiz kerak”, dedi bir notashi erkak. “Tinchlikmi, kim bu o‘zi?”, desam, “IIB tergov-qidiruv bo‘limidanman, Facebook’da bir izoh qoldiribsan, shunga”, deya javob qaytardi.
Ana boshlandi buyog‘i. Bechora onam bu narsalarni u qadar tushunmaydi, qon bosimi ko‘tarilib ketibdi. Otam xavfsirab alohida telefon qildilar takror. Xullas, kap-katta yigit kishining uydagilarini tinchini buzishdi, salomatligini xavfga qo‘yishdi!
Kulgilisi, IIO xodimi bo‘la turib, qayerda o‘qishimni bilmas ekan, vaholanki profilimda ham yozib qo‘yganman katta qilib. Toshkentda yashaydi, shu yerga chaqir ishing bo‘lsa... Umuman, qayerda yozilgan izoh uchun alohida chaqirtirish borligi?!
Qaysi izohimligiga aniqlik kiritmadiyu, kimning postligini aytdi, esga tushdi”, deb yozgan Shohruh Haydarov.
Shuningdek, u do‘stlari, yaqinlari siyosatga, birovning hayotiga xavf soladigan, izoh yozmasligi, tasdiqlanmagan ma’lumot tarqatmasligini yaxshi bilishini urg‘ulagan.
Jurnalistlarning ijtimoiy tarmoqlardagi izohlari sabab ota-onasi bezovta qilinishi bilan bog‘liq masala ijtimoiy tarmoqda kun tartibiga chiqdi. Holat jamoatchilik faollari orasida katta muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Xususan, bloger va Adliya vazirligi xodimi Shahnoza Soatova quyidagicha munosabat bildirdi:
“Bu nima – anglashilmovchilikmi, o‘zboshimchalikmi, atay qilingan ishmi, voyaga yetgan insonning so‘zlari uchun onasidan so‘roq so‘rash qaysi mantiq va qonunga ko‘ra amalga oshirilgan – shu kabi savollarga javob kerak”.
Ichki ishlar vazirligi holatga munosabat bildirganicha yo‘q.
LiveBarchasi