O‘zbekistonda jamoatchilik nazorati sustmi? Taraqqiyot strategiyasi rahbari norozi

Jamiyat

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev jamoatchilik nazoratini nazarda tutuvchi “Mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi islohotlar ustidan jamoatchilik nazorati samaradorligini, shuningdek, fuqarolarning demokratik o‘zgartirishlardagi faolligini oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzolagan edi.  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miziyoyevning joriy yilning 24 yanvar kuni Oliy Majlis palatalariga yo‘llagan murojaatnomasida ham jamoatchilik nazorati alohida qayd etildi. Xo‘sh, ayni vaqtda jamoatchilik nazorati qay darajada ta’minlanmoqda?  

“Taraqqiyot strategiyasi” markazining ijrochi direktori Eldor Tulyakov markaz tomonidan o‘tkazilgan monitoring natijalaridan norozi. Natijaga asosan jamoatchilik kengashlari sezilarli darajada faol emas. 

“Bu mazkur yo‘nalish bo‘yicha amalda qilinadigan ishlarimiz ko‘p ekanligidan dalolat bermoqda. Vaholanki, 2018 yilda aynan shu sohani rivojlantirish uchun “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonun ham qabul qilingan edi. 

Qonunda 8ta shaklda jamoatchilik nazoratini amalga oshirish bo‘yicha huquq berilgan edi. Masalan, davlat organlariga so‘rov yuborish, davlat organlarining ochiq hay’atlarda ishtirok etishi, jamoatchilik muhokamasini, jamoatchilik eshituvini va jamoatchilik monitoringi tashkil etish, jamoatchilik ekspertizasi, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari tomonidan ijro etuvchi hokimiyat organlarining hisobotlarini eshitib borish kabi vakolatlar qonunda belgilangan edi”, deydi markaz ijrochi direktori. 

Shuningdek, mutaxassisning fikriga ko‘ra, jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda yuqoridagi 8ta shakldan foydalanish va aniq natijalarga erishish ishlari sust ketmoqda. Aynan qaysi jihatlarda ahvol og‘ir ekanligi ham ta’kidlandi.  

“Ayniqsa, jamoatchilik eshituvi, jamoatchilik monitoringgi, jamoatchilik ekspertizasi kabi normalar hayotga joriy etilmayapti. Shuningdek, mahalla hokimiyati organlari tomonidan ijro etuvchi hokimiyat va boshqa tashkilotlarning hisobotlarini eshitish samarali tashkil etilmayapti. Jamoatchilik nazoratini qurish ishlarida mahallalarga bir qator vakolatlar berildi. Ma’lum joylarda aynan mana shu jihat ishlayapti. Mahallalarda tegishli davlat organlirining hisobotlarini eshitib kelish hollari ham mavjud. Bu ba’zi joylarda samarali amalga oshirilmayapti.

Jamoatchilik fikrini o‘rganish institutidan esa faqatgina nodavlat tashkilotlar foydalanmoqda. Bu borada ham jamoatchilik faollashuvi talab etiladi”, deya tanqid qildi Eldor Tulyakov. 

Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2019 yilning 13 dekabr kuni “Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta’minlash, bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni ham imzolangan edi


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

20

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing