O‘zbekistonda yo‘l qurilishi bo‘yicha yana 4 ta loyiha boshlanadi

Jamiyat

image

O‘zbekistondagi mavjud yo‘llarning hozirgi holati va qatnov darajasini yaxshilash maqsadida yana 4 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 13 may kuni yo‘l xo‘jaligidagi ishlar natijadorligi va rejadagi loyihalar bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda xalqaro moliya tashkilotlari bilan hamkorlikda 1200 kilometr yo‘lni rekonstruksiya qilish bo‘yicha 6 ta yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Endi yana 4 ta loyiha boshlanishi ko‘zda tutilgan.

Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasining To‘rtko‘l va Beruniy shaharlarini aylanib o‘tuvchi A-380 magistralini rekonstruksiya qilish, Qoraqalpog‘iston va Xorazmda 516 kilometr mahalliy yo‘llarni to‘la ta’mirlash, Termiz – Denov hamda Sirdaryo – Baxt oralig‘idagi yo‘llarni sement-beton qoplamali qilib qurish rejalashtirilgan. Bu loyihalarga Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki, Islom taraqqiyot banki va Osiyo infratuzilmaviy investitsiya banki mablag‘lari yo‘naltiriladi.

Davlat rahbari eng muhim masala – yo‘llarni sifatli saqlash ekanini ta’kidladi. U yo‘l bo‘ylarida infratuzilmani rivojlantirib, aholiga qulayliklar yaratish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Bundan tashqari, qariyb 20 yil oldin qabul qilingan “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi qonun hozirgi zamon talablariga javob bermayotgani, so‘nggi yillardagi islohotlar, bugungi dolzarb masalalar unda aks etmagani aytib o‘tildi.

Prezident matbuot xizmati bergan xabarga ko‘ra, shu bois ham mazkur qonun yangi tahrirda ishlab chiqilmoqda. Unda, jumladan, “avtomobil yo‘llarini rejalashtirish” mexanizmini joriy etib, yo‘l infratuzilmasini aholi va iqtisodiyotning o‘sib borayotgan ehtiyojlariga mos ravishda rivojlantirish nazarda tutilmoqda. Yo‘llarni loyihalashtirishda aholi fikri va atrof-muhitga ta’sirini inobatga olish hamda piyodalar uchun to‘siqsiz muhitni yaratish bo‘yicha qat’iy talablar o‘rnatilmoqda. Kommunikatsiya tarmog‘ini qurishda yo‘lning avvalgi holatini tiklash xarajatlarini qoplash sharti kiritilmoqda.

Pulli yo‘llarning huquqiy asoslari, ajratilgan va yo‘l bo‘yi mintaqalarida servis binolarini joylashtirishga oid talablar belgilanmoqda. Yo‘llarda katta hajmli va og‘ir vaznli transport vositalarining harakatlanishi tartibga solinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston neft va gazi” xalqaro forumi doirasida Toshkent shahrida bo‘lib turgan Rossiyaning “Gazprom neft” kompaniyasining boshqaruv raisi Aleksandr Dyukovni qabul qilgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev yo'l qurilishi rekonstruktsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing