O‘zbekistonda yetim bolalar uchun 500 dollarlik omonatlar ochildi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda Prezident topshirig‘i bilan 8 mingdan ortiq yetim bolalarga 500 dollarlik omonatlar ochildi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, 0 dan 17 yoshgacha bo‘lgan 8 ming nafardan ortiq yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun omonat depozit hisob raqamlari ochilgan. Har bir bunday hisob raqamiga davlat tomonidan 500 AQSH dollari miqdorida mablag‘ joylashtirilgan. Ushbu mablag‘lar yildan-yilga kapitalizatsiya hisobiga jamg‘arilib boradi. Bola 18 yoshga to‘lgach, ushbu mablag‘lardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lib, mustaqil hayotga qadam qo‘yish uchun ilk qarorlarini qabul qilishi mumkin.

Shuningdek, 9 yoshdan yuqori bo‘lgan bolalar va ularning qonuniy vakillariga ijtimoiy kartalar berilgan. Bu qulaylik, xavfsizlik va shaffoflikni ta’minlash maqsadida amalga oshirilgan. Ijtimoiy karta orqali jamoat transportidan imtiyozli sharoitlarda foydalanish, xaridlar va xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish, shaxsni tasdiqlash, shuningdek ijtimoiy yordam va xizmatlarni olish huquqini tasdiqlash mumkin. Barcha operatsiyalarni “Baraka” mobil ilovasi orqali kuzatish va nazorat qilish mumkin.

Ushbu qo‘llab-quvvatlash davlat g‘amxo‘rligiga alohida muhtoj bo‘lgan bolalar uchun mo‘ljallangan:

  • mahallalarda istiqomat qiluvchi yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar;
  • mehribonlik uylari, oilaviy va kichik hajmli bolalar uylari hamda SOS bolalar qishloqlari tarbiyalanuvchilari;
  • ota-onalari O‘zbekiston sarhadlarini himoya qilish chog‘ida halok bo‘lgan bolalar;
  • “Taskin” bolalar xospisi huzuridagi bolalar onkologiya shifoxonasida davolanayotgan bolalar.

“Taskin” bolalar xospisida davolanayotgan bolalar uchun alohida tartib belgilangan: depozit hisob raqamidagi mablag‘lar zaruratga ko‘ra va qonuniy vakillar murojaati asosida istalgan vaqtda bank kartasiga o‘tkazilishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

etim bolalar omonat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing