O‘zbekistonda yangi mintaqaviy aviakompaniya tashkil etiladi
Jamiyat
−
25 noyabr 2021
6618O‘zbekistonda Silk Avia yangi mintaqaviy aviakompaniyasi tashkil etiladi. Yangi aviakompaniya mamlakat hududlari o‘rtasida temir yo‘l tariflari bilan taqqoslanadigan narxlarda parvozlarni amalga oshiradi. Bu haqda "Uzbekistan Airports" Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Silk Avia aviakompaniyasi joriy yilning sentyabr oyida ro‘yxatdan o‘tgan. 14-18 noyabr kunlari Dubay shahrida bo‘lib o‘tgan Dubai Airshow-2021 xalqaro havo ko‘rgazmasi doirasida "Uzbekistan Airports" va "HAS Aviation GT LLC" MCHJ o‘rtasida mintaqaviy aviako‘rgazmalar strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuv imzolangan. Yangi aviakompaniya kelasi yildan parvozlarni boshlashni rejalashtirmoqda.
“Biz bozorda o‘zbekistonliklar uchun hamyonbop narxlarda ichki havo qatnovlarini ta’minlaydigan aviakompaniya yaratishni maqsad qilganmiz. Yaqin-yaqingacha O‘zbekiston shaharlarini bog‘lovchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarning yo‘qligi katta muammo edi. Samarqanddan Xorazmga borish uchun yo‘lovchilar Toshkent orqali uchishlari kerak edi. Bizning vazifamiz ichki tashishni nafaqat poytaxtdan hududlarga tamoyili bo‘yicha, balki hududlar o‘rtasidagi model bo‘yicha ham tashkil etishdir. Rejalarda 40 tagacha marshrut ishlab chiqish va yo‘lovchilar sig‘imi 70 kishigacha bo‘lgan hududiy havo kemalarini xarid qilish ko‘zda tutilgan. Tariflar temir yo‘l tariflari bilan taqqoslanadi. Bu ichki turizm rivojiga hamda iste’molchi uchun aviachiptalarning yakuniy narxiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi”, deya ta’kidlagan "Uzbekistan Airports" boshqaruvi raisi Ra’no Jo‘rayeva.
Ma’lum bo‘lishicha, mintaqaviy aviakompaniyaning tashkil etilishi O‘zbekistonda ishbilarmonlik faolligini rag‘batlantirish va ichki turizmni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratishda muhim ahamiyatga ega.
LiveBarchasi