O‘zbekistonda yangi ko‘krak nishoni ta’sis etildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishonini ta’sis etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Bu haqda idoraning “Yangi O‘zbekiston” gazetasi xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, ko‘krak nishoni bilan O‘zbekistonda yashayotgan barcha millat va elatlarning vakillari o‘rtasida millatlararo do‘stlik va totuvlik muhitining mustahkamlanishiga munosib hissa qo‘shgan, milliy madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlari faoliyati samaradorligini oshirish borasida fidokorona mehnat qilgan, shuningdek, xorijiy mamlakatlar xalqlari bilan do‘stlik va har taraflama hamkorlikni rivojlantirishda samarali natijalarga erishgan mahalliy va xorijiy davlat organlari xodimlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, tadbirkorlik sub’ektlari, ijtimoiy soha va ommaviy axborot vositalari vakillari hamda chet eldagi vatandoshlar taqdirlanadi.

Ko‘krak nishoni bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, shuningdek, mahalliy va xorijiy tashkilotlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ijodiy jamoalar hamda boshqa yuridik shaxslar ham taqdirlanishi mumkin.

Ko‘krak nishoni bilan taqdirlashda quyidagilar inobatga olinadi:

  • nomzodlarning mamlakatda millatlararo totuvlik, bag‘rikenglik va hamjihatlikni ta’minlash, shuningdek aholi o‘rtasida millatlararo do‘stlik va totuvlik muhitini mustahkamlash maqsadida amalga oshirgan faoliyati;
  • milliy madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlari faoliyati samaradorligini oshirishdagi ishtiroki;
  • xorijiy mamlakatlar xalqlari bilan do‘stlik va har taraflama hamkorlikni rivojlantirish borasidagi faoliyati;
  • jamiyatda millatlararo totuvlik, bag‘rikenglik va hamjihatlik muhitini shakllantirishni targ‘ib qilish bo‘yicha turli innovatsion samarali usullarning ishlab chiqilgani.

Ko‘krak nishoni har yili 30 iyul — Xalqlar do‘stligi kuni arafasida qo‘mita raisi (yoki uning topshirig‘iga muvofiq boshqa mas’ul shaxslar) tomonidan tantanali vaziyatda topshiriladi.

Nishon bilan taqdirlanganlarga bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt baravari miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti beriladi.

“Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni diametri 34 millimetrli doira shaklida bo‘lib, mis qotishmasidan tayyorlanadi.

Uning old tomoni pastki qismi markazida ko‘tarilayotgan quyosh nurlari hamda hilpirab turgan O‘zbekiston Respublikasining rangli bayrog‘i fonida zarhallangan O‘zbekiston Respublikasi xaritasi hamda meridianlari va parallellarini aks ettirgan ko‘k rangdagi Yer shari tasviri joylashgan. Uning yuqori qismida do‘stlik va erksevarlik ramzi bo‘lgan Humo qushi tilla rangda tasvirlangan.

Ko‘krak nishoni aylanasi bo‘ylab zarhal hoshiyali oq emal fonidagi doira bilan o‘ralgan. Aylananing yuqori qismida harflarining balandligi 3 millimetr bo‘lgan “XALQLAR DO‘STLIGI” so‘zlari yozilgan. Uning pastki chetlari bo‘ylab faxr-iftixor va sharaf ma’nolarini ifoda etuvchi ikkita dafna yaprog‘i joylashtirilgan.

Ko‘krak nishonining orqa tomonida O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasvirlangan. Uning qalinligi — 2,5 millimetr. Tasvirlar va yozuvlar qabariqdir. Nishonning old va orqa tomonlarining chetlari qavariq doira bilan o‘ralgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

39

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing