O‘zbekistonda yana ikkita qadimiy qoyatosh suratlari topildi
Jamiyat
−
03 dekabr 2021
14891Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumani hududidagi Siypantosh yodgorligi qayta o‘rganilishi natijasida uning atrofida yangi qoyatosh rasmlari aniqlandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Zarafshon tog‘ tizmasi tarkibidagi Qoratog‘da joylashgan Siypantosh yodgorligidan 400-500 m balandlikda, mahalliy aholi Oqbuloq deb nom bergan buloq atroflaridan yangi suratlar topilgan.
Shuningdek, Siypantoshdan taxminan 2-3 kilometr shimolroqda Xo‘javulmirbaraka qabristonidan 100-150 metr g‘arbda ham yangi qoyatosh rasmlari aniqlangan.
Bu rasmlar toshda cho‘kichlab ishlangan bo‘lib, ularda odamlar, hayvonlar, o‘q yoylar, turli xil geometrik belgilar aks etgan. Tadqiqotlar natijasida qoyatosh rasmlarida ko‘proq tog‘ echkilari aks ettirilgani aniqlangan. Yangi topilmalarning ikkinchi to‘plami katta toshning ichida hosil bo‘lgan ayvonning shipida qizil oxra bilan chizilgan. Rasmda qo‘l panjalari aks etgan.
Ta’kidlanishicha, topilgan qo‘l panjalari Siypantoshdagi qo‘l panjalariga o‘xshash. Yangi topilgan rasmlar Siypantosh qoyatosh rasmlari qadimiy ekanligidan dalolat beradi. Shuningdek, ular qadimgi aholining mifologik va diniy dunyoqarashi, tasavvurlarini o‘rganishda ilmiy manba bo‘lib xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun, Siypantosh yodgorligining rasmlari 2001 yilda R.X. Sulaymmonov tomonidan aniqlangan.
LiveBarchasi