O‘zbekistonda o‘lim holatlari asosan qaysi kasalliklar bilan bog‘liqligi aytildi

Salomatlik

image

Ayni vaqtga kelib O‘zbekistonda koronavirusdan vafot etganlar 549 nafarni tashkil etmoqda. Albatta, bu rasmiy raqam. Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, koronavirus testi ijobiy bo‘lmagan, biroq koronavirus alomatlari bilan vafot etganlar ushbu ro‘yxatga kiritilmaydi. Demakki, mamlakatda ushbu xavfli virusdan vafot etganlar bir necha baravar ko‘p bo‘lishi ham mumkin. 

Tibbiyot fanlari doktori, professor, Tibbiy xodimlarni kasbiy malakasini  rivojlantirish markazining Valeologiya kafedrasi mudiri Shuhrat Irgashevga ko‘ra, O‘zbekistonda 78 foiz o‘lim holatlari noinfeksion kasalliklar hissasiga to‘g‘ri keladi. 

“Ko‘pchilik qandaydir xastalikka uchragandan so‘nggina sog‘ligiga e’tibor qaratadi. Aslida esa, betob bo‘lmaslik uchun salomatligimizga e’tibor berishimiz zarur. Sog‘lom bo‘lish, immunitetimizni kuchaytirish uchun esa, birinchi navbatda sog‘lom turmush tarziga doimiy ravishda amal qilishimiz talab etiladi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, inson salomatligi 55 foiz holatda sog‘lom turmush tarziga bog‘liq bo‘ladi.
 
Shunday ekan sog‘lom turmush tarziga amal qilgan insonlar, avvalo, kasal bo‘lmaydi, biron joyi og‘rib qolganda ham tez va oson salomatligini yana qayta tiklab oladi. “COVID-19” infeksiyasi keng tarqalgan bugungi tahlikali zamonda ham bu o‘z isbotini topmoqda. Ortiqcha vazn yoki biror yondosh kasalliklari bor, sog‘lig‘iga yetarlicha e’tibor bermaydigan kishilarga virus yuqqanda og‘ir oqibatlarga olib kelgani kuzatilmoqda. Aksincha, immuniteti kuchli, sog‘lom turmush tarziga amal qiluvchi kishilar, yoshidan qat’iy nazar, virusni tez va oson yengib o‘tmoqda”, deydi Irgashev.  

Ta’kidlanishicha, birinchi navbatda, sog‘lom turmush tarziga amal qilmaslik noinfeksion kasalliklarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Bular: 

•    yurak qon-tomir; 
•    qandli diabet; 
•    onkologik;
•    nafas yo‘llari xastaligi kabi kasalliklar.

“O‘zbekistonda 78 foiz o‘lim holatlari ayni shu xastaliklar bilan bog‘liq. Yuqumli bo‘lmagan kasalliklardan biri bilan og‘rigan bemorlarga koronavirus infeksiyasi sog‘lom odamga nisbattan kuchliroq ta’sir qiladi va og‘ir oqibatlarga olib keladi. Xo‘sh, yuqumli bo‘lmagan xastaliklarga chalinmaslik uchun nima qilish kerak? Birinchi navbatda to‘g‘ri hayot tarzini yo‘lga qo‘yish talab etiladi”, deydi mutaxassis.  

Sog‘lom turmush tarziga amal qilishning esa, 4 asosiy yo‘li mavjud. Bular: 

•    to‘g‘ri ovqatlanish;
•    jismoniy faollik;
•    ruhiy salomatlik;
•    zararli odatlardan voz kechish.

“Bugungi kunda O‘zbekistonda sog‘lom turmush tarzining mana shu to‘rt qoidasiga amal qilishni aholining odatiga, kundalik turmush tarziga aylantirish ishlari jadal ravishda olib borilmoqda. Ammo bunga faqatgina targ‘ibot-tashviqot ishlari yoki bir ikkita tadbir o‘tkazish bilangina erishib bo‘lmasligi aniq. Bu borada aniq bir mexanizm, uzoq muddatli tizimni yo‘lga qo‘yishimiz zarur. Qachonki xalqimiz ongli ravishda o‘z istagi bilan sog‘lom turmush tarzi qoidalariga amal qilishga odatlansa, uni hayotini bir bo‘lagi sifatida qarasagina samarali natijaga erishishimiz mumkin. 

Bu esa, mamlakatimizdagi ko‘pgina muammolar: shifokor, shifoxonalar va kerakli dori-darmonlar yetishmovchiligi kabilarni hal etishga ham yordam beradi. Bir so‘z bilan aytganda, endilikda kasallikni davolash emas, aholi salomatligini saqlash, sog‘lom inson, sog‘lom oila hamda sog‘lom jamiyatni yaratishga harakat qilishimiz zarur”, deydi shifokor. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

181

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing