O‘zbekistonda TikTok’ni bloklash kerakmi? So‘z Adliya vaziriga
Jamiyat
−
07 fevral 2022
9927Bundan bir necha kun avval jamiyatdan boshqa muammo qurib qolgandek, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi O‘zbekistonda TikTok ijtimoiy tarmog‘ini butkul bloklash bo‘yicha talab bilan chiqdi. Ushbu masala hamon bahs-munozaralarga sabab bo‘lib kelmoqda. Mavzu bugun, 7 fevral kuni Adliya vaziri Ruslanbek Davletov bilan o‘tgan matbuot anjumanida ham kun tartibiga chiqdi.
Davletovning fikricha, O‘zbekistonda TikTok’ni bloklash hech qanday samara bermaydi.
“O‘zim ham “Adolat” partiyasidanman. Axborotning erkin tarqalishi tarafdoriman. Sababi, tarixda ham axborotni cheklash juda ko‘p bo‘lgan. Bloklash nima degani o‘zi? Texnik nuqtai nazardan buning imkoniyati bormi? Bloklab qo‘yildi ham deylik, VPN orqali foydalanishadi-ku. Juda zo‘r va bepul funksiyalari bor. Bilasizmi, har kuni qanchadan qancha yangi dasturlar chiqadi. Jaholat bo‘lsa, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashishimiz kerak. Boshqa joyda TikTok’dan yomon kontent yo‘qmi? Internetda boshqa bo‘lmag‘ur saytlar yo‘qmi? Agar bo‘lmasa, qayerdan diniy ekstrimizm kuchaymoqda? Qayerdan bu propaganda bo‘lyapti? Axborotni bloklash yoki boshqa qilish, texnik nuqtai nazardan juda qiyin masala. Shuning uchun, o‘ylaymanki, bu hech qanday samara bermaydi”, deydi Davletov.
“Adolat” SDPga ko‘ra, kerak bo‘lsa jinoiy javobgarlik choralarini kuchaytirish, foydasidan ko‘ra ziyoni ko‘p bo‘layotgan internet tarmog‘idagi TikTok singari mobil ilovalarni sodir bo‘layotgan ko‘ngilsiz voqea-hodisalarni hisobga olgan holda butunlay bloklash lozim.
“Shusiz ham taqiqlar mavjud-ku” deyishimiz mumkin. Biroq ko‘r-ko‘rona mashhurlikka o‘ch yoshlar ongini zaharlab, ijtimoiy tarmoqda shuhrat qozonishga “oltin ko‘prik” vazifasini o‘tayotgan TikTok bilan “tiktokerlar”imiz VPN ilovasi orqali ulanish imkoniyati borligi bu masalani ham o‘rganib chiqish zarurligini ko‘rsatadi”, deyiladi “Adolat” SDP bayonotida.
LiveBarchasi