O‘zbekistonda ta’limga hamon eskicha munosabatda bo‘linyapti — Javlon Javliyev

Jamiyat

Bugun o‘zbek xalqi uyqudami? “Qo‘rqma” romani muallifi Javlon Javliyev QALAMPIR.UZʼga bergan intervyusida bu savolga javob berib, bugun o‘zbek xalqi uyg‘onganini ammo, bu uyg‘onish sust ekanligini aytib o‘tdi.

“Yuz yil oldin xalqimizda “uyg‘onmoq” g‘oyasi bo‘lgan. Jadidlarning ko‘p she’rlariga e’tibor bersangiz, uyg‘onish kerakligi haqida aytiladi. Bugun xalqimizni uyg‘onmagan, deb ayta olmayman. Chunki xalqimiz uyg‘ongan va nima qilayotganini biladi. Xalqimiz aqlli bo‘lib bormoqda. Bundan buyog‘iga biz harakat qilishimiz kerak. Uyg‘onish hech narsa emas ekan. Biz uyg‘ondik. Bugun savodimiz bor, bilimimiz bor. Harna maktab ko‘rganmiz va keyingi avlodimiz ham ta’lim olmoqda. To‘g‘ri, biz uyg‘ondik! Lekin ta’limdan chiqayotgan shuncha kadrlar qayerga ketyapti?! Qator diplomlarimiz bor, lekin ularning sifati yo‘q. Bizga jur’at va qo‘rqmaslik shijoati kerak. Biz kishanlangan qobiqlardan chiqishimiz kerak. Shundagina biz o‘zgarishimiz mumkin. Fitrat yuz yil oldin “Najot – ta’limda”, degan edi. Hamon bizning najotimiz ta’lim”, deydi Javlon Javliyev.

Yozuvchi so‘zida davom etar ekan, najot ta’limda bo‘lsa ham bugun O‘zbekistonda ta’limga hali ham eskicha munosabatda bo‘linayotganini ta’kidlab o‘tdi.

“Ta’limga e’tibor ko‘proq bo‘lishi uchun e’tibor beradigan mutaxassislar kerak. Biz najotni ta’limda ko‘ryapmizu hali ham ta’limga eskicha munosabatda bo‘lyapmiz. Asarim qahramonlari bevosita bugungi kundagi ta’lim tizimidagilar. Ularning ko‘pchiligida maqsadsizlik bor. Universitetlarga borib ko‘rsangiz, ko‘pchilikning orzusi chetda o‘qish. U yerda qolib ketish, demayapman ularning orzusi chet elda o‘qish. Buning sababi o‘zimizdagi ta’limdan qoniqmaslik va ishonmaslik”, deydi yozuvchi.

Javlon Javliyev bilan to‘liq intervyuni QALAMPIR.UZʼning YouTubeʼdagi sahifasida yoki quyidagi videopleyerda tomosha qilishingiz mumkin.


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

72

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing