O‘zbekistonda “svet”ning tan narxi qancha?

Jamiyat

O‘zbekistonda aholiga berilayotgan elektr energiyasi xarajatlari taxminan 500-600 so‘mni (taxminan 1 kVt soat uchun) tashkil qiladi. Bu haqda kecha, 23 iyun kuni poytaxt Toshkentda bo‘lib o‘tgan Energetika forumida Energetika vazirligi Elektr energetikasi tarmog‘ini isloh qilish loyihasi direktori o‘rinbosari Bahrombek Umarbekov QALAMPIR.UZ muxbiri bilan suhbatda so‘z ochdi. 

“Elektr energiyasi xarajatlarini hisoblash Iqtisodiy rivojlanish va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi kompetensiyasiga kiradi, moliyaviy-iqtisodiy tomoniga qarash esa Moliya vazirligiga. Lekin men analitik sifatida tahlil qila olaman. Bu raqam taxminan 500-600 so‘mlar atrofida. Bu baland raqam. Shuning uchun tariflarni oshirish muhokama qilindi”, deydi vazirlik mutasaddisi.

Bahrombek Umarbekovga ko‘ra, ta’riflarni oshirishni nihoyatda muhim jihati bor. O‘zbekistonda bu soha bilan shug‘ullanadigan to‘rtta korxona mavjud, ular tabiiy monopoliya.

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” yuqori kuchlanishli elektrni transport qilish bilan, “Hududiy elektr tarmoqlari” esa taqsimlash bilan shug‘ullanadi, “O‘ztransgaz” bu gazni gaz chiqadigan hududdan gaz iste’mol qilinadigan hududga tashiydi. “Hududgazta’minot” yuqori bosimli gaz bosimini pasaytirib, hududlarga va aholiga olib kirib beradi. Shu to‘rtta korxona tabiiy monopoliya hisoblanadi”, deya qo‘shimcha qildi Bahrombek Umarbekov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu tashkilotlar o‘sish uchun pulni ikkita yo‘l bilan jalb qila oladi. Birinchisi, suveren qarzni oshirish. Bunda hukumat suveren qarz oladi va mablag‘larni to‘rtta korxonaga beradi. Ikkinchisi, korxonalarning o‘z balansiga korporativ kredit olishi.

“Shu korporativ kreditni olishni tatbiq qilish uchun tariflarni sal oshirib qo‘ymasak bo‘lmaydi. Sababi, bu korxonalar hozir zarar ko‘rib ishlamoqda. Bu tarmoqlar hozir zararda. Korxonalarda elektr yoki gazni sotib olish, transport qilish ichiga qo‘shilib ketilgan. Buni bo‘lish kerak. Transport komponentini alohida ajratib chiqarsak, qarz beruvchilar transport komponenti tarifi, daromadi, transportga ketayotgan xarajatni qoplayotganiga ishonch hosil qiladi. Shuning uchun korxonalar o‘z balansiga korporativ qarz ololmayapti. Qarzni suveren qarz qilib olishga to‘g‘ri kelmoqda. Suveren qarz imkoniyati cheklangan. Shuning uchun bularning o‘sishi cheklanib turibdi. Shu muammo”, dedi mutaxassis.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 31 may kuni Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga “Yoqilg‘i-energetika resurslarining narxlarini o‘zgartirish to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi joylashtirildi. Qarorda 2022 yil 1 iyuldan O‘zbekiston bo‘ylab aholiga gaz va elektr energiyasi uchun “ijtimoiy norma” joriy qilinishi va narx oshirilishi taklif qilindi. 

Mazkur qaror loyihasi bilan 2022 yil 1 iyuldan boshlab elektr energiyasi bo‘yicha aholi uchun oyiga 250 kVt soatgacha "ijtimoiy norma" beriladi. Shuningdek, 1 kVt 325 so‘mga baholanadi. Normadan oshiq iste’mol qilingan elektr energiyaning har 1 kVt soati uchun – 650 so‘m to‘lanadi.

Tabiiy gaz bo‘yicha o‘rnatiladigan tartib isitish mavsumini hisobga olib belgilanadi. Xususan, aholi uchun:

•    1 kub m tabiiy gaz iste’moli oyiga isitish mavsumida 700 kub metrgacha – 410 so‘m, 700 kub metrdan yuqori har 1 kub metr uchun – 1 200 so‘m;

•    isitish mavsumidan tashqari davrda 200 kub metrgacha – 410 so‘m, 200 kub metrdan yuqori har 1 kub metr uchun – 1 200 so‘mni tashkil qiladi.

Suyultirilgan gaz esa aholi uchun – 1 600 so‘m miqdorida belgilanmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

svet Bahrombek Umarbekov eletr energiyasi

Baholaganlar

472

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing