O‘zbekistonda so‘z erkinligi cheklangan – Amnesty International
Jamiyat
−
31 mart 2022
7434O‘zbekiston so‘z erkinligi, tinch mitinglar va yig‘inlar keskin cheklangan davlat bo‘lib qolmoqda. Bu haqda “Amnesty International” tashkilotining 2021 yil uchun taqdim etgan yangi hisobotida aytilgan.
Hisobotda mamlakatda paxta yig‘im-terimida majburiy mehnatdan foydalanmaslik va qiynoqlarning oldini olish borasida qator siljishlar sodir etilgani qayd etilgan. Biroq O‘zbekistonda qiynoqlar qo‘llanilishi davom etmoqda. Unga ko‘ra, hozirda kamida 2 000 kishi diniy sabablarga ko‘ra qamoqxonalarda saqlanmoqda.
Jinoyat kodeksiga “Prezidentni haqorat qilish” bandi kiritilib, besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlanishi mustaqil jurnalist va blogerning faoliyatiga to‘sqinlik qiladi.
Xalqaro ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, O‘zbekistonda saylov hisobiga so‘z va matbuot erkinligi bilan bog‘liq vaziyat yomonlashgan. Xususan, o‘tgan yilning avgust oyida prezidentlik saylovlarini boykot qilishga chaqirgani uchun “prezidentni haqorat qilish”da ayblangan bloger Valijon Kalonov hamon qamoqda qolayotgani ko‘rsatib o‘tilgan.
Shuningdek, hisobotda o‘tgan yilning may oyida bloger Otabek Sattoriy “tuhmat va tovlamachilik”da ayblanib 6,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgani qo‘shib o‘tilgan.
“Amnesty International” Surxodaryoning Denov tumanida qiynoqlarda gumon qilingan ikki huquq-tartibot xodimi iyul oyida hibsga olingani, biroq tez orada ularga qo‘yilgan ayblovlar olib tashlanganini urg‘ulagan. Dekabr oyida esa Samarqand viloyatidan ikki nafar yo‘l harakati xavfsizligi inspektori qo‘lga olingan haydovchini o‘ldirishda aybdor deb topilib, har biri 2 yil 10 oyga ozodlikdan mahrum etilgan edi.
“Amnesty International” ko‘plab chaqiriqlarga qaramay, O‘zbekiston jamiyati uchun yot bo‘lgan noodatiy jinsiy oriyentatsiyaga ega bo‘lish hali ham jinoyat hisoblanishini aytib o‘tgan.
Tashkilot QALAMPIR.UZ o‘tgan yilning aprel oyida e’lon qilgan ma’lumotga tayanib, O‘zbekiston qamoqxonalarida besoqolbozlikda ayblanib, qamalgan 49 nafar shaxs borligini keltirib o‘tgan. Shuningdek, 2016 yildan 2020 yilgacha O‘zbekistonda ushbu ayblov bo‘yicha 44 kishi sudlangani qo‘shimcha qilingan.
LiveBarchasi