O‘zbekistonda G‘ofur Rahimov homiyligida ilk STEM maktab ochildi
Jamiyat
−
30 avgust 2021
17381Bugun, 30 avgust kuni yangi 2021-2022 o‘quv yili oldidan homiylik mablag‘i hisobidan qurilgan O‘zbekistondagi ilk STEM fanlariga ixtisoslashgan maktabning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu ta’lim muassasasi Toshkent viloyatining Quyichirchiq tumanida qad rostladi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, maktabning ochilish marosimida vazirlik hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan. Marosimdan oldin maktabni to‘liq qurib va jihozlab bergan homiy tadbirkor G‘ofur Rahimov va Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov tomonidan ramziy ma’noda ko‘chatlar ekilgan.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi yillarda maktablarning shaklini o‘zgartirish va zamonaviy qiyofaga keltirish uchun alohida e’tibor qaratilmoqda. Toshkent viloyatida so‘nggi 3 yil davomida 268 ta maktab investitsiya va boshqa dasturlar asosida ta’mirlanib, buning uchun 380 mlrd. so‘m mablag‘ sarflangan. Joriy yilning o‘zida qariyb 500 ta maktablarda ta’mirlash ishlari, jumladan, 40 ta maktabda investitsiya, 41 ta maktabda “Obod qishloq” dasturi asosida, 418 ta maktab yangi o‘quv yiliga tayyorlash borasida joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan.
Ma’lum qilinishicha, viloyatda maktablarning shaklini o‘zgartirish uchun tadbirkorlar ham o‘z hissasini qo‘shmoqda. Bugun, 30 avgust kuni mana shunday tadbirkorlardan biri G‘ofur Rahimov mablag‘lari evaziga 45-maktabning eski binosi o‘rnida zamonaviy ta’lim maskani qad rostlagan.
“600 o‘ringa mo‘ljallab qurilgan ta’lim muassasasida 634 nafar o‘quvchiga 43 nafar pedagog ta’lim beradi. Maktab eng zamonaviy jihozlar va so‘nggi axborot texnologiyalari bilan jihozlangan. STEM (Science, Technology, Engineering and Mathematics —tahr.) fanlariga ixtisoslashgan tayanch maktabida matematika, chet tili, axborot texnologiya va kimyo-biologiya fanlari chuqurlashtirgan holda o‘qitiladi”, deyiladi xabarda.
LiveBarchasi