O‘zbekistonda shifokorlarni do‘pposlash endi qamalishga sabab bo‘ladi

Jamiyat

image

Bugun, 2 mart kuni Senatning o‘ttiz yettinchi yalpi majlisida “Tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilanishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun muhokama qilindi.

Xususan, so‘nggi vaqtlarda bemorlar va ularning yaqin qarindoshlari tomonidan tibbiyot xodimlariga tajovuz qilish hollari ko‘payib borayotganligi, bu jarayonda tibbiyot xodimlarini bemorlarning sog‘lig‘i yomonlashishida yoki o‘limida asossiz ravishda ayblash, shuningdek, hech bir sababsiz shifokorlarga va o‘rta tibbiyot xodimlariga tajovuz qilish hollari yuz berayotganligi qayd etildi.

Qonun bilan yuqorida qayd etilgan muammolarga yechim topish maqsad qilingan.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik yoki shu maqsadda tibbiyot xodimiga qonunga xilof ravishda har qanday shaklda ta’sir o‘tkazganlik uchun alohida javobgarlik belgilanmoqda.

Bunda ushbu noqonuniy faoliyatni amalga oshirgan fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan yetti baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa yetti baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solish yoki o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoqqa olish jazosi kiritilmoqda.

Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1977-moddasida tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik yoki shu maqsadda tibbiyot xodimiga qonunga xilof ravishda har qanday shaklda ta’sir o‘tkazganlik haqidagi ishlarni ko‘rib chiqish belgilanmoqda.

Bundan tashqari, ushbu Kodeksning 305-moddasiga muvofiq mazkur toifadagi ishlarni ko‘rib chiqish muddati uch sutkani tashkil etishi qayd etilmoqda.

Senatorlarning ta’kidlashicha, ushbu Qonunning qabul qilinishi tibbiyot xodimlari huquqlarini himoya qilib, ularning kasbiy faoliyatiga turlicha aralashuvlarning oldini oladi. Shifokorlik kasbining maqomi hamda nufuzini oshirishga, fuqarolarga o‘z vaqtida va sifatli tibbiy yordam ko‘rsatilishiga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Eslatib o‘tamiz, kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda  Toshkentning Sergeli tumanida tez yordam xodimlari kaltaklangani aks etgan video tarqaldi. 

Respublika tez tibbiy yordam markazi Toshkent shahar filialiga Sergeli tumani 4-dahasidagi xonadonlarning biridan chaqiriq kelib tushgan. Shundan so‘ng, tez-tibbiy yordam brigadasi xodimlari – shifokor T.A. va feldsher X.O. belgilangan manzilga sanoqli daqiqalar ichida yetib borgan.

Kaltaklanishi oqibatida jiddiy tan jarohati olgan 1979 yilda tug‘ilgan bemor ayol A.A.ga “103” brigadasi tomonidan birinchi yordam ko‘rsatilgan. Shuningdek, feldsher X.O. bemorning holatidan kelib chiqib, uni zudlik bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi toksikologiya bo‘limiga olib borish kerakligini aytgan. 

Shu payt bemorning tanishi, 1990 yilda tug‘ilgan fuqaro K.A. uni go‘yoki A.A.ga yaxshi qaramayotganlikda ayblab, feldsherga tahdid qilgan. Qolaversa, fuqaro tibbiyot xodimini himoya qilgan tez tibbiy yordam haydovchisi, 1970 yilda tug‘ilgan T.S.ni urib, unga jiddiy tan jarohati yetkazgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing