O‘zbekistonda salkam 765 ming yangi ish o‘rni hisobotlarga qo‘shib yozilgani ma’lum bo‘ldi
3-sahifa
−
11 Sentabr
3126O‘zbekistonda aholi bandligiga qaratilgan dasturlar ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda 764 ming 723 ta yangi ish o‘rinlari hisobotlarga qo‘shib yozilgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsuddinov bugun, 11 sentyabr kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda ma’lum qildi.
Shamsuddinov Bosh prokurorning O‘zbekiston aholisiga yo‘llagan murojaatida qayd etilgan masalalar ijrosi yuzasidan ma’lumot berar ekan, prokurorlar sektorlaridagi “Temir daftar”ga kiritilgan 5 mingdan ziyod oilalarga ko‘mak bergan. Xususan, 181 nafarining uy-joyi ta’mirlanib, 57 nafariga yangi uy-joylar qurib berilishi ta’minlandi. “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 246 ming 673 nafar xotin-qizlar va 36 ming 687 nafar yoshlarning huquqlarini himoya qilish, ularning tashabbuslarini ko‘llab-quvvatlashga doir ishlar davom ettirilmoqda.
“O‘tgan davrda 3 ming 158 nafar yoshlarning ish bilan ta’minlanishida, 6 ming 277 nafariga ijaraga yer ajratilishida, 1 ming 526 nafarining tadbirkorlikka jalb etilishida, 5 ming 36 nafariga o‘zini o‘zi band qilishida, 4 ming 62 nafarining kasb-hunar va xorijiy tillarni o‘rganish kurslarida o‘qitilishida, 9 ming 988 nafariga kontrakt puli to‘lab berilishida ko‘maklashildi”, deyilgan axborotda.
Qayd etilishicha, aholi bandligiga qaratilgan dasturlar yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda 764 ming 723 ta yangi ish o‘rinlari hisobotlarga qo‘shib yozilganligi aniqlanib, aybdorlar tegishli javobgarlikka tortilgan.
Shuningdek, 327 nafar ishchi-xizmatchilarning kechiktirilgan 2,3 milliard so‘m ish haqlari undirib berilgan. Ish haqi va nafaqa pullarining 4,2 milliard so‘mi talon-toroj qilingani aniqlanib, 52 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tadbirkorlar va xorijiy investorlarning 15 ming 650 nafariga “Tez yordam” tamoyili asosida amaliy yordamlar ko‘rsatilgan: yer maydoni, litsenziya va boshqa muammolariga yechim berilgan. Natijada, faoliyat ko‘rsatmayotgan 5 ming 755 ta tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyati qayta tiklanishi hisobiga 7 mingdan ortiq ish o‘rinlari yo‘qotilishining oldi olingan.
“Nazorat tadbirlarida qonunni buzgan 347 nafar shaxs intizomiy, 1 ming 520 nafari ma’muriy javobgarlikka tortildi. 1 ming 909 nafar mansabdor shaxslar rasman ogohlantirildi, 196 nafar jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari tiklangan. Shuningdek, qo‘pol qonunbuzilishi holatlari bo‘yicha 215 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, davlatga yetkazilgan 35 milliard so‘m undirildi”, deyiladi Bosh prokuratura axborotida.
LiveBarchasi