O‘zbekistonda ruslar 1 millionga kamaydi
Jamiyat
−
21 avgust 2021
12754O‘zbekistonda joriy yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra, aholining 720,3 mingini ruslar tashkil qilmoqda. Bu 1989 yilgi ko‘rsatkichga nisbatan 1 millionga kam. Bu haqda TASS nashri O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2021 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, mamlakatda yashovchi o‘zbeklar soni 1989 yilga nisbatan ikki baravar — 14,14 milliondan 29,2 million kishiga ko‘paygan.
Shuningdek, ushbu davrda mamlakatda yashovchi tojik, qoraqalpoq, qirg‘iz va turkmanlar soni ham sezilarli darajada oshgan. Biroq, 1989 va 2021 yillar oralig‘ida respublikadagi ruslar soni 1 million kishiga kamaygan.
Shunday bo‘lsa-da, hozirgi kunda ruslar o‘zbeklar, tojiklar, qozoqlar va qoraqalpoqlar bilan bir qatorda hamon respublikadagi besh eng yirik etnik guruhlar qatoriga kiradi.
O‘zbekiston doimiy aholisining etnik tarkibi quyidagicha:
• o‘zbek – 29,2 mln. kishi;
• tojik – 1,7 mln. kishi;
• qozoq – 821,2 ming kishi;
• qoraqalpoq – 752,7 ming kishi;
• rus – 720,3 ming kishi;
• qirg‘iz – 291,6 ming kishi;
• turkman – 206,2 ming kishi;
• tatar – 187,3 ming kishi;
• koreys – 174,2 ming kishi;
• ukrain – 67,9 ming kishi;
• ozar – 41,2 ming kishi;
• belarus – 18,5 ming kishi;
• boshqa millatlar – 426,4 ming kishi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2021 yilning 1 yanvar holatiga O‘zbekiston Respublikasi doimiy aholisi 34,6 mln. kishini tashkil etgan.
LiveBarchasi