O‘zbekistonda oqova suv tarmoqlarining 44 foizi yaroqsiz, suv tozalash inshootlarining 88 foizi ishlamaydi

Jamiyat

image

Avvalroq xabar berganimizdek, bugun, 3 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘qqizinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi. Unda Senat raisi o‘z ma’ruzasida Senat qo‘mitasi tomonidan “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonunning suv ob’ektlariga oqindi suvlarni oqizishga yo‘l qo‘yish shartlariga oid qismining hududlarda ijro etilishi o‘rganilganini qayd etdi.

Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, mamlakatimizdagi mavjud markazlashgan oqova suv tarmoqlarining 44 foizi yaroqsiz holga kelgan. Eskirgan kanalizatsiya tarmoqlaridan sizib chiqayotgan oqova suvlar yer osti suvlariga qo‘shilib ketmoqda.

“Suvoqova” davlat unitar korxonasiga qarashli suv tozalash inshootlarining 88 foizi faoliyat yuritmaydi, ulardagi laboratoriyalar bugungi kun talablariga umuman javob bermaydi.

Faoliyat yuritayotgan sanoat korxonalarida ham suv ob’ektlari, jumladan daryolar va soylarga oqova suvlarni oqizishga oid qonun hujjatlari ijrosining holati qoniqarsizdir.

Aksariyat korxonalarda suv tozalash inshootlarining yo‘qligi, borlarining ham talab darajasida emasligi oqibatida oqova suvlar biologik va kimyoviy tozalashdan o‘tkazilmasdan, hududlardagi daryo va soylarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri oqizilmoqda.

“Misol uchun, “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli 87 ta korxonadan 44 tasida suv tozalash inshootlari mavjud emas”, dedi Nig‘matilla Yo‘ldoshev.

Ma’lum bo‘lishicha, 2017-2018 yillarda ushbu korxonalardan chiqqan sanoat oqindi suvlarining 83 foizi tozalanmasdan, to‘g‘ridan - to‘g‘ri kanalizatsiyaga oqizilgan.

“O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli 10 ta korxonaning 8 tasida suv tozalash inshootlari mavjud emasligi ham achinarli holdir.

“O‘zcharmsanoat” uyushmasiga qarashli 406 ta, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi tasarrufidagi 206 ta korxonadan chiqayotgan oqova suvlarning aksariyati ham tindirilmasdan va tozalanmasdan to‘g‘ridan - to‘g‘ri kanalizatsiyaga tashlanmoqda.

Oqibatda mazkur korxonalarga tutash hududlarda sanitariya qoidalari va gigiyena normalari jiddiy buzilmoqda.

Xususan, odamlar zararli moddalar bilan to‘yingan suvlarni iste’mol qilmoqda.

Zotan, mamlakatdagi 58 ta suv tozalash inshootidan chiqayotgan oqova suvlar tahlil qilinganda, zararli moddalarning belgilangan me’yorlarga nisbatan bir necha o‘n marotaba yuqori ekanligi aniqlandi.

Mutasaddi tuzilmalar esa, bu kabi hayotiy muammolarni samarali hal etish bo‘yicha yetarlicha tashabbus ko‘rsatmayapti.

Shu bois, biz mazkur masalani kun tartibiga kiritdik va uni atroflicha muhokama qilmoqchimiz”, dedi Senat raisi.


Maqola muallifi

Teglar

Cenat

Baholaganlar

13

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar