O‘zbekistonda Media ombudsman instituti tuzilishi kutilmoqda

Jamiyat

image

O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari huquqlarini himoya qilish uchun Media ombudsman institutini tuzish kun tartibiga chiqqan. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) institutining 25 yilligiga va xalqaro inson huquqlari kuniga bag‘ishlangan “Ombudsman faoliyatini raqamlashtirish: inson huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda himoya qilishning innovatsion mexanizmlari” mavzusidagi xalqaro onlayn-konferensiyada aytib o‘tdi.

“1950 yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasiga asosan har yili 10 dekabr kuni Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilingan kun – Inson huquqlarini himoya qilish kuni sifatida nishonlanadi. Bu yil ushbu bayram 70-marotaba o‘tkazilmoqda. 

O‘zbekiston ham Mustaqillikka erishganidan so‘ng, MDH davlatlari qatoridagi ko‘pgina mamlakatlar orasida birinchilardan bo‘lib inson huquqlari bo‘yicha milliy institut tashkil qilishga kirishdi. Aynan shunday milliy institutlardan birinchisi O‘zbekiston Respublikasi Ombudsmani bo‘ladi”, deydi Akmal Saidov.

Saidovning so‘zlariga ko‘ra, 100 dan ortiq davlatlarda Ombudsman institutlari bor. Ularning eng ko‘pi Rossiya Federatsiyasida. 

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Saidovning qayd etishicha, Ombudsman instituti inson huquqini suddan tashqari yo‘l bilan himoya qilishning eng samarali intitutlaridan biridir.  

“Ombudsman instituti Shvetsiyada tashkil topib 200 yildan buyon faoliyat yurityapti.  Qoshimcha qilishni istardim: Ombudsman instituti Shvetsiyada emas, musulmon davlatlarda, xususan Amur Temur saltanatida (Muxtasib institut bo‘lib, u ham aynan Ombudsman vazifasini bajaruvchi institut) bo‘lgan. O‘zbekistonda hozirda milliy institutlar tizimi yaratilgan. Ombudsman bilan birgalikda inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz, Bola huquqlari bo‘yicha ombudsman, Biznes ombudsman shular jumlasidandir. Hozir bizning kun tirtibimizda OAV bo‘yicha ham Media ombudsman tuzish masalasi turibdi”, deydi Akmal Saidov.

So‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonda so‘z va matbuot erkinligi masalasi yana kun tartibiga chiqqan. Bir tarafdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev xalqaro sammitlarda mamlakatdagi demokratik jarayonlar, ochiqlik va oshkorlik siyosati, so‘z va matbuot erkinligi hamda jamoatchilik nazorati bo‘yicha islohotlar ortga qaytmas tus olganini aytmoqda. Ikkinchi tomondan jurnalistlar va blogerlar, nodavlat ommaviy axborot vositalari rahbarlari faoliyatga nisbatan tashqi aralashuv va bosimdan so‘z ochmoqda. Mamlakatda OAV bilan bog‘liq jarayonlar haqida so‘z ketganda jarangdor bir jumla bor: ortga qaytmaymiz. Biroq, oldinga siljish, yanada katta qadamlar tashlash, bir joyda turib qolmaslik va bunga mast bo‘lmaslik haqida hozircha so‘z ochilmayapti. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

6

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing