O‘zbekistonda masjid ochish uchun talab etiladigan tashabbuskorlar soni 2 karra qisqartirildi
Jamiyat
−
06 iyul 2021
9031O‘zbekistonda masjid ochish uchun talab etiladigan tashabbuskorlar soni 2 karra qisqartirildi. Bu haqda parlament tomonidan ishlab chiqilgan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun yangi tahririda so‘z boradi. Hujjat Prezident tomonidan imzolandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati QALAMPIR.UZ’ga Qonun sharhini taqdim etdi.
Unga ko‘ra, mahalliy diniy tashkilotlar, jumladan, masjidlar va boshqa konfessiyalarning ibodatxonalarini tashkil etish bo‘yicha tashabbuskor fuqarolar soni ikki barobar kamaytirilib, 50 nafardan kam bo‘lmagan etib belgilandi. Shuningdek, diniy tashkilotning markaziy boshqaruv organi va diniy ta’lim muassasalarini tuzish uchun ham 100 nafar tashabbuskor bo‘lishi haqidagi talab bekor qilindi.
Diniy tashkilotni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan bog‘liq xizmatlar to‘liq elektron shaklda, inson omilisiz amalga oshirilishi joriy etildi. Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi adliya idoralariga taqdim etiladigan hujjatlar soni keskin qisqardi, ularni ko‘rib chiqishning muddati esa 3 barobarga kamaydi, ya’ni 3 oydan 1 oyga tushirildi.
Bu bilan diniy tashkilot tuzish tashabbuskorlariga qulay, tez va sifatli xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratildi, ortiqcha byurokratik to‘siqlar bartaraf etildi.
LiveBarchasi