O‘zbekistonda lokdaun e’lon qilinadimi? So‘z Bahodir Yusupaliyevga
Jamiyat
−
23 Oktabr 2021
20253O‘zbekistonda Rossiyadagidek lokdaun e’lon qilinmaydi. Bu haqda bugun, 23 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i Bahodir Yusupaliyev ma’lum qildi.
“Bugungi kunda hech qanaqa lokdaun haqida gap bo‘lishi mumkin emas va barcha harakatlar shunga qaratilgan. Shu kunlarda Rossiya Federatsiyasida kasallanish holatlari ko‘tarilgani yurtimizda ham kasallanish darajasi oshishi ehtimolini paydo qiladi. Lekin bizning chegaralarda nazorat har qachongidan ham kuchaytirilgan bo‘lib, yurtimizga 72 soatlik PSR testi topshirilgan holdagina chetdan kirish mumkin. Bordi-yu, fuqarolarda test bo‘lmaganda, chegarada ekspress-test topshiriladi”, deydi Bahodir Yusupaliyev.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘ining ta’kidlashicha, lokdaun holatining oldini olishning yana bir yo‘li jamoaviy immunitetni shakllantirishdir. Buning eng samarali usuli ommaviy emlash hisoblanadi.
“Agar biz aholining kamida 60 foizini emlay olsak, jamoaviy immunitetni shakllantirgan bo‘lamiz. Shunda bizga hech qanday lokdaun xavf sola olmaydi. Hozirga kelib, emlanishi lozim bo‘lgan 21 million nafardan oshiq aholining 13 million nafari birinchi doza vaksinalarini olib ulgurdi”, degan Bahodir Yusupaliyev.
Eslatib o‘tamiz, ayni kungacha mamlakatda jami 24 909 801 doza vaksinadan foydalanilgan. Emlash jarayonlarida foydalanilayotgan jami vaksina 34 951 358 dozani tashkil qilmoqda.
LiveBarchasi