O‘zbekistonda koronavirusning qaysi shtammi eng keng tarqalgani ma’lum bo‘ldi
Jamiyat
−
28 avgust 2021
8923Koronavirusning O‘zbekistonda eng keng tarqalgan varianti “delta” shtammi ekani ma’lum bo‘ldi. So‘nggi vaqtlarda aniqlanayotgan bemorlarning 82 foizi ushbu shtammni yuqtirgan. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Vazirlik huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazining O‘zbekistonda aniqlangan koronavirus infeksiyasi holatlarini o‘rganish maqsadida o‘tkazgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, “delta” shtammining ulushi 82 foizni tashkil etadi, bu butun kuzatuvlar tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni Alpha (10,3 foiz) va 20A (7,7 foiz) shtammlari qayd etildi.
Ilg‘or texnologiyalar markazi direktori Shahloxon Turdiqulovaning so‘zlariga ko‘ra, bugun kasallanayotganlarning beshdan to‘rt qismi “delta” variantiga chalinyapti.
“Hind shtammi” deb nomlanuvchi virus turi Uxan va Britaniya versiyalariga qaraganda ko‘pincha kasallikning og‘ir shakllariga olib kelishi bilan xavotirga soladi”, deydi Ilg‘or texnologiyalar markazi direktori Shahloxon Turdiqulova.
Markaz direktorining ta’kidlashicha, hozirgi vaksinalar yangi shtammlarga qarshi samaraliroq. Koronavirus kamdan-kam holatlarda emlanganlarga yuqyapti.
“Emlanganlar kamdan-kam hollarda kasallikka uchragan taqdirlarida ham, inson tanasida virus mutatsiya qila olmasligi sababli COVID-19 ni yengil o‘tkazadi. Buni 24 avgust kuni olingan ZF-UZ-VAC2001 preparati sinovlarining uchinchi bosqichi natijalari ham tasdiqlaydi”, deydi Shahloxon Turdiqulova.
Eslatib o‘tamiz, 2021 yil 27 avgust holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 154033 nafarni tashkil etmoqda. So‘nggi sutkada 829 kishida koronavirus, 334 kishida esa pnevmoniya aniqlangan.
Shuningdek, ayni kungacha mamlakatda jami 13 751 939 doza vaksinadan foydalanilib, to‘liq emlangan fuqarolar soni 1 670 949 nafarga yetgan.
LiveBarchasi