O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Xadiya Yusupova vafot etdi
Madaniyat-san’at
−
16 iyun 8748 2 daqiqa
Maqom san’atining yirik namoyandalaridan biri, professor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, taniqli xonanda va mumtoz maqom ijrochisi Xadiya Yusupova 88 yoshida vafot etdi. Bu haqda O‘zbek milliy maqom san’ati markazi xabar berdi.
1938-yil sentyabr oyida Namangan shahrida tavallud topgan Xadiya Yusupova butun umrini milliy musiqa va maqom san’atini rivojlantirishga bag‘ishlagan. U yoshligidan san’atga mehr qo‘yib, 3 yoshidan qo‘shiq kuylashni boshlagan.
1956-yilda Moskvada o‘tkazilgan yoshlar festivalida birinchi o‘rinni egallab, 1957-yilda O‘zbekiston davlat filarmoniyasiga ishga qabul qilindi. Keyinchalik O‘zbekiston radiosi qoshidagi ansamblda Berta Davidova va Kommuna Ismoilova kabi ustoz san’atkorlar bilan birgalikda faoliyat olib borgan.
1958-yilda Yunus Rajabiy rahbarligida tashkil etilgan “Maqom” ansambli tarkibida faoliyat yuritib, maqom san’atining bebaho durdonalarini chuqur o‘rganib, ularni yuksak mahorat bilan ijro etgan. Respublika radiosi va televideniyesida “Shohi belbog‘”, “Ko‘ngil ol”, “Savti Sabo” kabi ko‘plab mumtoz ashulalarni mohirona ijro etib, milliy musiqamiz oltin xazinasiga ulkan hissa qo‘shgan.
1988-yildan boshlab Manon Uyg‘ur nomidagi Toshkent davlat san’at institutida (hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti) an’anaviy ijrochilik yo‘nalishida yosh avlodga saboq berib, ko‘plab shogirdlar tarbiyalagan.
QALAMPIR.UZ jamoasi marhumaning oila a’zolari, yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 6 iyun kuni yozuvchi va tarjimon, O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘ofurov 88 yoshida vafot etgandi.
Live
Barchasi