O‘zbekistonda kambag‘allar qancha? Ularning qanchasi bolalar?

Jamiyat

image

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg‘armasi (UNICEF) Ukrainadagi urushning ta’siri hamda Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlaridagi bolalar qashshoqligi bilan bog‘liq holat, shuningdek, mazkur mintaqadagi iqtisodiy asoslar haqidagi yillik hisobotini e’lon qildi. 

Mazkur hisobot tahlili Ukraina zaminida davom etayotgan urush oqibatlari, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqalarida bolalar qashshoqligiga qarshi kurash borasidagi tizimli harakatlarning jiddiy tanazzuli borasidagi dalillar hamda bolalar o‘limi bilan bog‘liq ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi. 

Hisobotda aytilishicha, ko‘rib o‘tilayotgan hudud (Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo) yalpi ichki mahsulotining aholi jon boshiga haqiqiy taqsimoti 2006 yilgi 16 500 dollardan 2022 yilda 23 600 dollargacha ko‘tarilgan. Ammo, shu bilan birgalikda, 2008 yilgi jahon iqtisodiy inqirozi, Qrim anneksiyasi va buning ortidan rublning keskin qadrsizlanishi, global pandemiya mazkur mintaqa davlatlarida bozorlar faoliyati sustlashuviga, ta’minot zanjirlari uzilishiga olib keldi – xalqaro pul o‘tkazmalari kamaydi, iqtisodiy o‘sish sustlashdi. 

Jamg‘armaga ko‘ra, yuqoridagilar bolalar qashshoqligiga olib keluvchi omillarni kuchaytirgan. 

UNICEF hisoboti, shuningdek, Xalqaro Valyuta fondining mamlakatlar iqtisodiy holati bo‘yicha prognozlarini ham o‘z ichiga oladi. Unga ko‘ra, Ukrainadagi urush tufayli Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi yalpi ichki mahsulotining aholi jon boshiga haqiqiy taqsimoti 2022 yilda ko‘zlangan 24 700 dollar emas, balki 23 600 dollarga o‘sishi kutilmoqda. Mazkur holatni yuzaga keltiruvchi bir qator omillar mavjud. 

UNICEF hisobotida aytilishicha, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo hukumatlari urush ortidan kelgan inqiroz va pandemiya oqibatlarini bartaraf etish zarurati yuzaga kelgan bir muhitda nihoyatda chegaralangan moliyaviy va ijtimoiy himoya vositalarini qo‘lladilar. Bu esa ko‘zlangan maqsadlarni amalga oshirish imkonini bermadi.

Bayonotda ta’kidlanishicha, ta’riflanayotgan Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo hududi urush olib boruvchi davlatlar (Rossiya va Ukraina) bilan chambarchas bog‘liq. Ular yoqilg‘i va manbalar, pul aylanmasi borasida muhim bog‘liqliklarga ega. Oradagi zanjirlarning uzilishi yoki bo‘shab qolishi esa oilalarning daromadlari kamayishiga, buning ortidan mazkur oilalardagi bolalar ahvoli bilan bog‘liq muammolarning kuchayishiga olib keladi.

Hududga xavf solayotgan iqtisodiy pasayish asosan uch xil ko‘rinishda namoyon bo‘ladi: birinchi iste’mol tovarlari narxidagi keskin o‘sish, savdo-ta’minot zanjirlarida uzilishlar hamda tadbirkorlik va investitsiya muhitida ishonchsizlik kuchayishi. Shu omillar ta’sirida 2022 yilda Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida 10,4 million kishining iqtisodiy holati kambag‘allik chegarasidan pastga tushishi kutilmoqda. Ularning 4 milliondan oshig‘ini esa 18 yoshgacha bo‘lganlar tashkil etadi. Bu bolalarning to‘rtdan uch qismi esa Rossiya Federatsiyasi hisobiga to‘g‘ri keladi. Aytib o‘tish kerakki, qashshoqlikda yashovchi bolalar sonidagi o‘sish urush inobatga olinmagan holatdagi prognozlardan 19 foizga ko‘proq bo‘lishi aytilgan. 

Shu bilan birga, taxminan 117 ming bola majburiy ta’lim yilini boy bergani aytiladi hisobotda. Bu bevosita har mingta boladan ikkitasi ta’lim olish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi degani. O‘z o‘rnida, joriy yilda 1 yoshga to‘lmasdan vafot etuvchi go‘daklar soni 4500 atrofida bo‘lishi kutilmoqda (har 100 ming bolaga 8 ta holat).

Hisobotda O‘zbekiston uchun ajratilgan bo‘lim ham alohida diqqatni talab qiladi. Joriy yilda kambag‘allik chizig‘idan pastga tushuvchi aholi soni 179 128 kishiga yetishi, ulardan 89 551 nafarini bolalar tashkil etishi aytiladi. Go‘daklar o‘limi 267 holatga yetishi aytilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

125

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing