O‘zbekistonda quroldan foydalanish yoshi oshirilmoqda

Jamiyat

image

O‘zbekistonda ov qurolini olish uchun minimal yoshni 25 yosh qilib belgilash rejalashtirilyapti. Bu haqda bugun, 9 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida muhokama qilingan “Qurol to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasida belgilanmoqda.

Qayd etilishicha, qurol va uning o‘q-dorilari muomalasi sohasida davlat tomonidan tartibga solish va nazoratni amalga oshirish vazifalari Milliy gvardiyadan ichki ishlar organlariga huquqiy jihatdan o‘tkazilmoqda.

Shuningdek, qurol muomalasi bilan qonunga xilof ravishda muomalada bo‘lish yoki qurol muomalasi qoidalarini buzish uchun jinoiy va ma’muriy javobgarlik choralari ko‘rilishi belgilangan.

Loyiha bilan 6 ta qonundagi qurol muomalasiga oid ishlatilayotgan tushunchalar va faoliyati qurol bilan bog‘liq mansabdor shaxslarning huquqiy mavqei to‘g‘risidagi normalarga tegishli o‘zgartirishlar kiritish orqali “Qurol to‘g‘risida”gi qonun va qurol muomalasi sohasidagi tegishli qonunchilik hujjatlariga muvofiqlashtirish nazarda tutilgan.

Prokuratura vakillarining qayd etishicha, O‘zbekistonda 18 yoshdan 21 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar 49 ta ov qurollariga ega, 25 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasida esa 500 nafar fuqaroda ovchilik qurollari bor. Aksariyat hollarda “menda qurol bor” degan o‘zini ko‘rsatish maqsadida sotib olingan hollar ham bor.

Ma’lumot uchun, amaldagi “Qurol to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, 18 yoshga to‘lgan fuqarolar fuqaroviy sport qurolini va o‘zini o‘zi himoya qilish qurolini, 21 yoshga to‘lgan fuqarolar fuqaroviy ov qurolini olish huquqiga ega.

Qonun loyihasi konsepsiyasi qizg‘in muhokama qilinib, birinchi o‘qishda qabul qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

141

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing