O‘zbekistonda qancha oila xiyonat sabab buzilgani ma’lum bo‘ldi

Jamiyat

image

2021 yilning yanvar-iyun oylarida respublika bo‘yicha 19,4 mingta ajrim holatlari kuzatilgan. Bu haqda Mahalla va oila ilmiy-tadqiqot instituti direktori Nodira Egamberdiyeva ma’lum qildi.

2021 yilning yanvar-iyun oylarida oilaviy ajrimlar bo‘yicha jami 1879 ta ariza kelib tushgan bo‘lib, bu oilalarning 1291 tasi yarashtirilgan. Oilaviy ajrim arizalarining 2019 yilda 56,4 foizi (1771 ta arizadan 998 tasi yarashtirildi), 2020 yilda 67,3 foizi (1654 ta arizadan 1114 tasi yarashtirildi) va 2021 yilda 68,7 foizi (1879 ta arizadan 1291 tasi yarashtirildi) ijobiy hal etilib, oilalar yarashtirilgan. Ajrim bo‘yicha tushgan arizalarning eng ko‘p ulushi 2021 yilda (68,7 foiz) ijobiy hal etilgan.

Respublikada 2021 yil yanvar-iyun oylarida nikohdan ajralish holatlari 2020 yilning shu davriga nisbatan 51,5 foizga ortgan. Biroq, ushbu mutloq ko‘rsatkichning o‘sishi real holatni baholamaydi. 

“Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan oilaviy ajralishlarning omillari, oqibatlarini o‘rganish va ularni kamaytirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar va chora-tadbirlar ishlab chiqish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Sirdaryo, Xorazm, Namangan, Toshkent viloyatlarida oxirgi 5 yil davomida o‘z oilasidan ajrashgan 400 dan ortiq shaxslar bilan so‘rov o‘tkazilgan.

So‘rov natijalariga ko‘ra, oilaviy ajralishlarning eng ko‘p uchraydigan sabablari er va xotin o‘rtasida doimiy maishiy-psixologik darajadagi kelishmovchiliklar\o‘zaro mehrning yo‘qligi (30,2 foiz), er\xotinning oila a’zolarining oilaning turmushiga doimiy aralashuvi\ular bilan kelishmovchilik (21,2 foiz), oilaviy xiyonat (17,1 foiz) hisoblanadi. 

Deyarli har beshinchi oila er\xotinning oila a’zolarining ularning turmushiga doimiy aralashuvi\ular bilan kelishmovchilik tufayli buzilib ketishi oilaviy ajralishlar faqat oilaning o‘ziga bog‘liq muammo emasligini ko‘rsatgan.

17 foizdan ortiq oilalarning buzilib ketishiga oilaviy xiyonatning sabab bo‘layotgani o‘zbek oilalari uchun albatta dahshatli holat. Achinarli tomoni ikki yil avval o‘tkazilgan tadqiqot bilan taqqoslaganda ushbu sababning ulushi deyarli 2 barobar oshgan. 

Ajralishlarning sabablari orasida oilada ayollarning huquqlarini cheklash, ularga nisbatan zo‘ravonlik bilan bog‘liq sabablar saqlanib qolayotgan bo‘lsada, ayolga nisbatan kuch ishlatilishi, ayolning oilada mutlaq huquqsizligi, ayolga o‘qish yoki ishlashni taqiqlanishi kabi sabablarning ulushi oldingi yillarda o‘tkazilgan tadqiqotlar natijalari bilan solishtirganda pasaygan.

So‘rovda ishtirok etgan ajrashgan shaxslarning yarmidan ko‘prog‘i (51,5 foizi) oilani saqlab qolishning imkoni bor edi, deb hisoblagan.

Respondentlarning eng ko‘p qismi (45,3 foizi) “agar turmush o‘rtog‘imning oila a’zolari oilamizga aralashaverishmaganida oilani saqlab qolish mumkin bo‘lardi”, degan javobni tanlaganlar. Salmog‘i bo‘yicha keyingi o‘rinni egallagan sabab ham muayyan darajada oila a’zolarining birga yashashi bilan bog‘liq, xususan, 25,6 foiz respondentlar agar alohida yashash imkoni bo‘lganda oila buzilib ketmasligi mumkin edi qabilida javob berganlar. Bu masala ayniqsa ayollar uchun muhim: ushbu javobni tanlagan ayollarning ulushi salkam 30 foizni tashkil etgan. 

10,3 foiz respondentlar oilaning iqtisodiy ahvolini o‘nglay olishganida ajralish yuz bermasligini mumkinligini ta’kidlaganlar. Bundan tashqari 12 foiz ayollar turmush o‘rtog‘i ishga kirishi ham shunday omil bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risida fikr bildirgan.

Respondentlarning atiga 0,9 foizi “ajralishning hech qanday yomon oqibati bo‘lmadi, ajrashganimdan xursandman” deya javob bergan. 

“Siz uchun oilaviy ajrimning eng og‘ir oqibatlari qaysilar bo‘ldi?” degan savolga respondentlarning 64,3 foizi “Farzandim otasiz\onasiz o‘sishga majbur” deb javob berganlar. So‘rov ishtirokchilarining 35,2 foizi mazkur savolga “Salomatligim yomonlashdi\asab kasaliga uchradim” degan javobni tanlagan bo‘lib, erkaklarning 20 foizi, ayollarning esa 40,1 foizi shu javobni berganlar.

Respondentlarning 10,4 foizi farzandlarining tez jahli chiqadigan, agressiv bo‘lib qolganini, 7,3 foizi farzandlari kamgap, odamovi bo‘lib qolganini ta’kidlagan bo‘lsalar, 8,5 foiz respondentlar bolalari doim otasini sog‘inishini, 4,1 foizi farzandlarining uyqusi buzilib, ishtahasi yomonlashganini ma’lum qilgan bo‘lsalar, yana 3,8 foizi bolalarining maktabdagi o‘qishi pasayib ketganini aytgan.

So‘rov natijalari ajrashgan ayollar ko‘proq ijtimoiy yordam, moddiy holatini yaxshilashga xizmat qiladigan sharoitlarga hamda turar-joyga ega bo‘lishda ko‘makka muhtoj ekanliklarini ko‘rsatgan. Bundan tashqari, ayollar alimentni undirishda yordam ko‘rsatilishi zarurligi, shaxslar ruhiy va huquqiy maslahatlarga zarurligini ta’kidlashgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

125

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing