O‘zbekistonda qancha odam ota-onalik huquqidan mahrum qilingan?

Jamiyat

image

O‘zbekistonda so‘nggi uch yilda 1000 dan ortiq fuqarolar ota-onalik huquqidan mahrum qilingan. Bu haqda kecha, 10 oktyabr kuni UNICEF, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Adliya vazirligi tomonidan o‘tkazilgan milliy davra suhbatida Adliya vaziri o‘rinbosari Sherzod Rabiyev ma’lum qildi. 

“So‘nggi uch yilda 1000 dan ortiq kishilar ota-onalik huquqidan mahrum qilingan. Bunga esa ularning katta qismi, ya’ni 80 foizdan ortig‘i ota-onalik majburiyatlarini bajarmagani, bolalarni tashlab ketish holatlari, jismoniy yoki ruhiy tazyiq o‘tkazgani, ichkilikbozlik, giyohvand moddalariga berilishi, bolasining yoki o‘zining hayotiga qasd qilish bilan bog‘liq jinoyat sodir etishi sabab bo‘lgan. Bu raqamlar bizga aniq ma’lumotlar asosida shakllantirilgan”, deydi Rabiyev.

Uning aytishicha, bolalarga nisbatan turli shakllardagi tazyiq yoki zo‘ravonlik o‘tkazish holatlari, ayniqsa, ta’lim muassasasidagi bulling, bolalarning o‘zaro bir-birini kamsitishi, oilada ota-onalar tomonidan zo‘ravonlik holatlari soni yildan-yilga ortmoqda. 

“Ammo bundan ham og‘riqli nuqtamiz ayrim oilalarda shakllangan nosog‘lom muhit hisoblanadi. Chunki tashqi ta’sirlarni, jumladan, bolalarga nisbatan sodir etilgan huquqbuzarliklarni yoki jinoyat holatlarini ilg‘ash oson. Huquqni muhofaza qiluvchi organlarda ularning aniq statistikasi va nazorati yuritiladi. Biroq bolalarning huquq va manfaatlarini ularning o‘z oilasida buzilayotganini har doim ham payqay olmaymiz”, dedi Adliya vaziri o‘rinbosari.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning to‘qqiz oyi davomida O‘zbekistonda 1240 ta voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari qayd etilgan bo‘lib, ularning 417 tasi jinsiy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

zo'ravonlik ona-onalik huquqi Sherzod Rabiev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing