O‘zbekistonda ijro intizomi kuchaytiriladi
Jamiyat
−
04 iyun 2021
8176O‘zbekiston Respublikasi Prezidentning joriy yil 31 maydagi “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Hujjatga asosan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini ta’minlashning quyidagi tartibi joriy etildi:
- I bosqich — Prezident Administratsiyasi qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarni “Ijro.gov.uz” tizimiga (keyingi o‘rinlarda — tizim) kiritish uchun Adliya vazirligiga yuboradi;
- II bosqich — Adliya vazirligi tizimga nazoratga olinadigan topshiriqlarni kiritadi, mas’ul ijrochilar va bajarish muddatlarini belgilaydi;
- III bosqich — davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xo‘jalik birlashmalari qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarni to‘liq va o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlaydi va bu haqda tizimga belgilangan shakldagi ma’lumotlarni kiritadi;
- IV bosqich — Adliya vazirligi qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi bo‘yicha mas’ul ijrochilar tomonidan tizimga kiritilgan ma’lumotlar to‘liqligi va haqqoniyligini tekshiradi, ularni tasdiqlaydi yoki mas’ul ijrochiga qayta ishlashga jo‘natadi, shuningdek, ular ijro holati to‘g‘risidagi umumlashtirilgan ma’lumotlarni har oyda Vazirlar Mahkamasiga kiritib boradi;
- V bosqich — Vazirlar Mahkamasi tizimda ma’lumotlar to‘liqligi va haqqoniyligini tekshiradi, ularni tasdiqlaydi yoki mas’ul ijrochiga qayta ishlashga jo‘natadi, shuningdek, har oyda Rayosat majlislarida qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi natijadorligini tanqidiy ko‘rib chiqadi va Prezident Administratsiyasiga tegishli takliflar bilan birgalikda umumlashtirilgan ma’lumot kiritadi;
- VI bosqich — Hisob palatasi tizimda mas’ul ijrochilar tomonidan kiritilib, Adliya vazirligi va Hukumat tomonidan tekshirilgan ma’lumotlar to‘liqligi va haqqoniyligini tekshiradi, ularni nazoratdan yechadi yoki mas’ul ijrochiga qayta ishlashga jo‘natadi, shuningdek, qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijro holati bo‘yicha har chorakda Prezident Administratsiyasiga axborot kiritib boradi;
- VII bosqich — Prezident Administratsiyasi qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini nazorat qiluvchi tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtiradi.
Shuningdek, ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha yagona va uzluksiz "texnologik zanjir"ni tashkil qilish borasidagi ustuvor yo‘nalishlar belgilandi.
Tizim orqali qonunlar, Prezidentning farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlari ijrosini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizom tasdiqlandi.
Qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarda ijro muddati belgilanmagan yoki ijro muddati 1 yil va undan ortiq etib belgilangan topshiriqlarning bajarilishi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi ma’lumot har olti oyda mas’ul ijrochilar tomonidan tizimga kiritib boriladi.
Prezidentning topshiriqlarning ijro muddatlari faqatgina Adliya vazirligi va, zarur hollarda, Vazirlar Mahkamasi tomonidan ko‘rib chiqilib, Hisob palatasi xulosasi olingan takliflar asosida hamda Prezident ruxsati bilan uzaytiriladi.
Tizimga davlat organlari va tashkilotlarini ulash va ularning tizimdan foydalanishini ta’minlash Davlat byudjeti hamda byudjetdan tashqari jamg‘armalar mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan 31 may sanasidan kuchga kirdi.
LiveBarchasi