O‘zbekistonda ishlab chiqarilmagan tovarlar uchun ham iste’mol krediti ajratiladigan bo‘ldi

Tahlil

O‘zbekistonda ishlab chiqarilmagan va chet eldan import qilinadigan tovarlarga iste’mol kreditlari taqdim etishga ruxsat beriladi. Bu haqdagi norma kiritilgan qonun kecha, 2 mart kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senatining o‘ttiz yettinchi yalpi majlisida ko‘rib chiqildi.

Masalan, endilikda siz xorijda ishlab chiqariladigan avtomobil yoki maishiy texnika sotib olmoqchi bo‘lsangiz O‘zbekistondagi banklardan kredit ololasiz.

Bungacha ushbu turdagi kredit faqat mahalliy avtomobillar va maishiy texnika uchun berilar edi. Ya’ni sezgan bo‘lsangiz, bu imtiyoz faqatgina mahalliy ishlab chiqariladigan tovarlarga, masalan, UzAvtoMotors’dan mashina sotib olishda ish berardi.

Biroq “Iste’mol krediti to‘g‘risida”gi qonunga, uning 15-moddasiga o‘zgartish kiritish oson kechgani yo‘q. Bundan bir oy oldin, yanvarda aynan mana shu qonun sabab Qonunchilik palatasida deputat Doniyor G‘aniyev janjal ko‘targan edi.

U o‘shanda mazkur qonunni qabul qilish oylab kechikayotgani, boshqa depututlar uni qo‘llab-quvvatlamayotganini aytib, deputatlarni UzAvtoMotors’ni qo‘llab-quvvatlashda ayblagandi. 

Bu qonun loyihasida ikki xil kredit haqida gap ketgan – moliyaviy iste’mol krediti, tovar iste’mol krediti. Moliyaviy iste’mol kreditida uchta tomon bo‘ladi – qarz beruvchi kredit tashkiloti, qarz oluvchi jismoniy shaxs va realizatsiya qiluvchi yuridik yoki jismoniy shaxs. Bu qonun loyihasida uchinchi shaxs sifatida realizatsiya qilish imkoniyatini jismoniy shaxslarga ham berish maqsadida qonunning moliyaviy kredit tartibidan “tashkilot” so‘zi olib tashlangan.

Mazkur qarorning qabul qilinishi esa juda katta muammoning yechilishiga olib keladi. 

Masalan, ikkilamchi bozorda avtomobil sotib olish uchun iste’mol kreditini ajratishda juda ham katta muammo bor. Fuqarolar hozirda to‘g‘ridan-to‘g‘ri jismoniy shaxsdan avtomobil sotib olomayotgani uchun o‘rtada yuridik shaxsdan ya’ni birorta korxonadan foydalanishga majbur bo‘ladi. Bu esa avtomobil narxining ustiga yana 10% miqdorida qo‘shimcha to‘lov to‘lashga olib keladi. Bunda agar avtomobilning o‘rtacha narxi 100 mln bo‘lsa, uning narxi yana qo‘shimcha 10 mln oshadi degani. Shuning uchun kecha senatorlar tomonidan tasdiqlangan qonunga yeo‘ra, 15-moddadan “tashkilot” so‘zi olib tashlandi va uning o‘rniga “realizatsiya qiluvchilar” jumlasi qo‘shildi. Bu orqali fuqaroning tovar iste’mol krediti olishi uchun o‘rtadagi o‘rtakashning, bironta tashkilotning bo‘lishi shart emas.

Bu birgina jumlaning o‘zgarishi juda ko‘pchilikning og‘irini yengil qiladi.

Tushuntirishlarga, urinishlarga qaramay o‘shanda qonunni qabul qilish kechiktirilib, 2 va uchinchi o‘qish boshqa kunga qoldirilgandi. Tarmoq faollari esa hatto Iste’mol krediti to‘g‘risidagi qonunga “yetim qonun” deb laqab ham qo‘ygandi.

“Yetim qonun”ni qabul qilish yana kechiktirildi. Qonun loyihasini 2-o‘qishda ko‘rish keyinga qoldi. Doniyor G‘aniyev yana yolg‘iz.
Harfxo‘rlar qonun mohiyatiga umuman aloqasi bo‘lmagan “yozma yoki elektron” degan iborani ushlab oldi.

Bular o‘g‘ri oligarx va parazit monopolistlarning manfaatlarini ifoda etishi mumkin, lekin xalqning xohish-irodasini ifoda etmaydi”, deya izoh qoldirgan iqtisodchi o‘zining Telegram sahifasida.

Shundan so‘ng o‘tgan oy davomida bu Qonunchilik palatasida yana ko‘rib chiqildi va yuqorida aytib o‘tganimdek, kecha, 2 mart kuni Senatda muhokama qilindi.
Senatning Byudjet, iqtisodiy masalalar bo‘yicha qo‘mitasi raisi Qobiljon Tursunov mazkur qonun loyihasiga kiritilayotgan o‘zgartirishlar haqida ma’lumot berar ekan, 2022 yilda aholining banklardan mikroqarz yoki kredit olishi 2021 yilga qaraganda 2 barobarga oshganini aytib o‘tdi.

Uning ta’kidlashicha, “Iste’mol krediti to‘g‘risidagi” qonunga o‘zgartirish kiritish mahalliy ishlab chiqaruvchilarda sog‘lom raqobat muhitini yaratadi.

“Birinchidan, proteksionizmdan voz kechish orqali mahalliy ishlab chiqaruvchilarga sog‘lom raqobat muhitini yaratish natijasida iste’molchilar uchun sifatli mahsulotlar ishlab chiqarishni, hamda sifatli  servis va xizmatlar ko‘rsatilishini ta’minlaydi;

Ieyeinchidan, global bozorlarda o‘sayotgan raqobat sharoitlarida, mamlakat ishlab chiqaruvchilarini  erkin bozor tamoyillari asosida faoliyat yuritishga munosib zamin yaratishiga, innovatsion rivojlanish modeliga o‘tishini tezlashtirishga shuningdek, qo‘shimcha qiymat yaratilishida yangi g‘oyalar va texnologiyalarni tatbiq etishiga, pirovardida esa jahon bozorlariga chiqib raqobat yuritishiga  munosib xizmat qiladi;

Uchinchidan, aholi iste’moli uchun arzon va sifatli tovar ishlab chiqarilishi hamda servis va xizmatlar ko‘rsatilishi o‘z navbatida aholining moliyaviy resurslarini tejalishiga olib keladi va buning natijasida iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida talabni vujudga keltiradi, natijada iqtisodiyot uchun qo‘shimcha investitsiya muhiti yaratilishiga olib keladi”, deya Senatorlardan qonunni qo‘llab-quvvatlagan holda ma’qullab ovoz berishini so‘ragan Tursunov. 

Deputatlardan farqli ravishda senatorlar bu masala haqiqatdan ham xalqni qiynab kelayotganini aytib, shunga doir muammolar o‘z boshiga ham tushganini tan oldi.

Ha, birgina qonunning birgina moddasini o‘zgartirish, O‘zbeyeistondagi ko‘plab muammolarni bartaraf etadi. Kredit evaziga chet eldan tibbiyot anjomlari, tadbirkorlik uskunalari, ta’lim uchun kerakli buyumlar, maishiy texnikalarni xarid qilish imkoni yaralmoqda.

Qonun o‘sha kunning o‘zida Senatda ma’qullandi. Endi Prezident Mirziyoyev tasdig‘idan o‘tsa kifoya.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing