O‘zbekistonda internetdan foydalanuvchilar soni 31 milliondan oshdi
Jamiyat
−
15 dekabr 2022
2852O‘zbekiston aholisining internet xizmatidan foydalanuvchilari soni 31 milliondan ortdi. Bu haqda kecha, 14 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida o‘tkazilgan navbatdagi “Hukumat soati”da ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, 31 million internet foydalanuvchilarining 29,5 millioni mobil internetdan foydalanadi. Shuningdek, so‘nggi ikki yilda 22 300 ta qo‘shimcha tayanch stansiyasi o‘rnatilib ularning umumiy soni 54,0 mingtaga yetkazilgan.
Respublika bo‘yicha mobil aloqa qamrovi darajasi 99 foizga, keng polosali mobil Internet qamrovi 98 foizga yetkazilgan.
Sh.Shermatov qayd etganidek, xalqaro va shaharlararo telekommunikatsiya tarmog‘ini rivojlantirish maqsadida Xalqaro Internet tarmog‘iga ulanishning umumiy o‘tkazuvchanlik qobiliyati 2,6 barobar oshirilib, 3 200 Gbit/s.ga yetkazilgan. Magistral telekommunikatsiya tarmoqlari o‘tkazuvchanlik qobiliyati viloyatlararo darajada 600 Gbit/s.ga, tumanlararo darajada esa 60 Gbit/s.ga yetkazilgan.
Bu bilan respublikada internet tezligini oshirishga, operator va provayderlarga Internet xizmatlari uchun tarifning 2021 yil boshiga nisbatan 25 foizga arzonlashtirishga erishildi. Shuningdek, 2021-2022 yillarda qo‘shimcha 102 ming km optik-tolali aloqa liniyalarini qurish orqali ularning umumiy uzunligi 170 ming kilometrga yetkazildi.
2020 yil yakunida 2,7 milllion uy xo‘jaliklari, tadbirkorlik sub’ektlari va ijtimoiy soha ob’ektlarining keng polosali internetga ulanish imkoniyati mavjud bo‘lgan. So‘nggi ikki yilda qo‘shimcha 1,7 million keng polosali portlar o‘rnatilishi natijasida jami 4,4 million uy xo‘jaliklari, tadbirkorlik sub’ektlari va ijtimoiy soha ob’ektlarining keng polosali internetga ulanish imkoniyati yaratildi.
Ta’kidlanishicha, “Raqamli O‘zbekiston–2030” Strategiyasi asosida respublika bo‘ylab IT-parkning 7 ta filiallari ishga tushirilgan bo‘lsa, 3 ta vaqtinchalik filiallari tashkil qilingan.
Shuningdek, 2023-2024 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Namangan Qashqadaryo, Surxondaryo, Toshkent, Navoiy viloyatlarida ham mahalliy byudjet hisobidan IT-parklar tashkil etilishi belgilangan. Hozirgi kunga kelib IT-park rezidenti sifatida ro‘yxatdan o‘tgan korxonalar soni 1036 taga yetkazilgan.
Sohiba Komilovna
LiveBarchasi