O‘zbekistonda inflyatsiya 7 yil ichida ilk marta 9 foizdan pasaydi
Jamiyat
−
01 avgust 2023
3641O‘zbekistonning yillik inflyatsion holati iyul oyi yakunlariga ko‘ra, 8,9 foizni tashkil qildi. Bu haqda Statistika agentligi ma’lum qildi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, bu 7 yil ichidagi eng past ko‘rsatkichdir. O‘zbekistonda inflyatsiyaning 9 foizdan pastroqqa tushishi bundan 6 yil-u 11 oy avval 2016 yilning avgustida kuzatilgan edi.
Agentlikka ko‘ra, iyul oyining o‘zida 0,2 foizlik deflyatsiya (narxlar tushishi) kuzatilgan. Iyun oyida ham narxlar 0,3 foizga tushgandi. O‘zbekistonda yozgi pishiqchilik sabab ketma-ket ikkinchi oy deflyatsiyaning yuz berishi, inflyatsiyaga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatgan. Misol uchun o‘tgan oy oziq-ovqat mahsulotlari 0,9 foizga arzonlab, bu narxlarning tushishi (deflyatsiya) kuzatilishida asosiy omil bo‘lgan. Ammo nooziq-ovqat mahsulotlari 0,3 foizga, xizmatlar esa 0,5 foizga qimmatlagan.
Aslida narxlarning tushishi mamlakatda iyun va iyul oylarida kuzatiladigan odatiy jarayonlardan biri hisoblanadi. Shunday bo‘lsa-da muhim oziqlardan guruch (+1.7%), mol go‘shti (+0.7%), qo‘y go‘shti (+0.5%) qimmatlashishda davom etmoqda. Yana boshqa guruhlarda tamaki (+1.0%), statsionar davolanish (+1,0%), yo‘lovchi tashish (+0,9%), restoran va mehmonxonalar (+0,6%) narxlari sezilarli darajada oshgan.
Ma’lumot uchun, inflyatsiya mamlakatdagi tovar va xizmatlar bahosi umumiy darajasining oshishi (o‘sishi) anglatib, uning pasayishi deflyatsiya – narxlarning tushishiga olib keladi. Narxlarning tushishi natijasida esa mamlakat pul birligi (milliy valyuta) xarid qobiliyatining ko‘tarilishi ro‘y beradi. Bu esa o‘z navbatida, davlat pul birligining qadri oshishiga olib keladi.
O‘zbekistonda 2023 yilda inflyatsiya darajasi 9,5 foizgacha pasayishi kutilayotgani ma’lum qilingan edi.