O‘zbekistonda ilk bor 90 yoshli bemor yuragida murakkab operatsiya o‘tkazildi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

O‘zbekistonda ilk bor 90 yoshli bemorda murakkab kardioxirurgik amaliyot muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, odatda, shifokorlar keksa yoshli insonlar tanasiga tig‘ tekkizishning o‘zi juda nozik jarayon ekanligini aytishadi. Yurak sohasidagi jarrohlik amaliyotlari esa o‘ta murakkab va anchayin xavfli. Shu bois, hatto mazkur sohada peshqadam bo‘lgan Yaponiya va Germaniya davlatlarida ham bunday operatsiyalar kamdan-kam o‘tkaziladi. 

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, operatsiyani Rossiyaning A. N. Bakulev nomidagi yurak-qon-tomir jarrohligi markazida ishlab kelgan va 2017 yilda Sog‘liqni saqlash vazirligi taklifi asosida mamlakatga qaytgan malakali kardioxirurg, tibbiyot fanlari doktori, professor Rustam Yorbekov o‘tkazgan. 

Bemor Yoqub Mahmudov, 90 yoshda. Toshkent viloyatining Chinoz tumanidan. Ko‘p yillardan beri gipertoniya va yurak ishemik kasalliklaridan aziyat chekadi. Qon bosimi 190 gacha ko‘tarilib ketishi kuzatilgan. Infarktni boshdan o‘tkazgan. 

Buning ustiga, shu yilning mart oyida koronavirusga chalinib, muolaja olgan. Ammo ko‘p o‘tmay yurak sohasida og‘riqlar yanada zo‘rayib, ahvoli yomonlashgach, Rustam Yorbekov va uning jamoasiga murojaat qilgan.

“Biz, kardioxirurglar bu yoshdagi bemorda jarrohlik amaliyoti o‘tkazishni qumdan imorat tiklashga o‘xshatamiz. Negaki, yurak  operatsiyasi chog‘ida favqulodda buyrak, jigar, miya va boshqa a’zolar xuruj qilib qolishi mumkin. Shu sababli O‘zbekistonda yaqin yillargacha bunday holatdagi bemorlar hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan. Endi esa nafaqat poytaxt, balki qator viloyatlar markazlarida ham shunday murakkab operatsiyalarni o‘tkazyapmiz”, deydi professor.

Rustam Yorbekovning jaydari qilib aytishicha, operatsiyaning murakkabligi, avvalo, bemorning keksa yoshdaligi, qolaversa, infarkt o‘tkazgani hamda yurak ishemik kasalligi tufayli tomirlarida zararlanish kuchaygani, boz ustiga, yurak kattalashib, qisqarishlar miqdori pasayib ketgan.

“So‘nggi paytlarda kuniga ikki martalab “Tez yordam” chaqirishimizga ham to‘g‘ri kelgandi. Yuragimni kuchli sanchiq bezovta qila boshlagach, o‘g‘lim shu yerga olib keldi. Mana, ko‘rib turganingizdek tetikman, kayfiyatim ham  a’lo. Operatsiyaning ertasi kuniyoq holatim yaxshilandi. Rustamjon Yorbekov va uning jasoratli jamoasidan juda-juda minnatdorman”, deydi Yoqub Mahmudov


Maqola muallifi

Teglar

kardioxirurgiya

Baholaganlar

143

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar