O‘zbekistonda giyohvand moddalar va psixotrop tayyorlashda qo‘llaniladigan moddalarga bo‘lgan cheklovlar olib tashlanmoqda

Jamiyat

image

O‘zbekistonda giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini va psixotrop moddalarni tayyorlash uchun foydalaniladigan moddalarni yeralizatsiya qilishga ruxsat berilishi kutilmoqda. Oliy Majlis Senatining bugun, 28 may kuni bo‘lib o‘tgan 26-yalpi majlisida shu mazmundagi “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 19-moddasiga qo‘shimcha va o‘zgartish kiritish haqida”gi Qonun ham ko‘rib chiqildi. 

Mazkur Qonun xususiy sanoat korxonalarining takliflari asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, uning mohiyati asosiy ishlab chiqarishida yondosh mahsulot sifatida prekursor hosil bo‘layotgan xususiy korxonalarga muomalada bo‘lishi cheklangan prekursorlarni ishlab chiqarish va tayyorlash faoliyatini litsenziyaga asosan amalga oshirish uchun sharoit yaratishdan iborat.

Prekursorlar davlat tomonidan nazoratga olingan, giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini va psixotrop moddalarni tayyorlash uchun foydalaniladigan moddalar hisoblanadi. Shuning uchun ushbu moddalarning muomalasini huquqiy jihatdan tartibga solish muhim ahamiyatga ega.

Yalpi majlisda Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida joylashgan “G‘allaorol kaliy fosfat” MCHJ faoliyati to‘g‘risida to‘xtalib o‘tildi. Korxonada kaliy sulfatni “mangeym” usulida ishlab chiqarish jarayonida yondosh mahsulot sifatida yiliga 24 ming tonna xlorid kislotasi hosil bo‘lmoqda.

Ushbu xlorid kislotasining 20-30 foizi ichki bozorda realizatsiya qilinadi, afsuski qolgan qismi omborxonada chiqindiga aylanmoqda. O‘z o‘rnida xlorid kislotasi xavfli suyuqliklar turiga kiritilganligi uchun uni qisqa muddatlarda realizatsiya qilish talab etiladi. Amaldagi tartib esa tadbirkorlarni bunday imkoniyatdan cheklamoqda.

Tahlillarga ko‘ra mavjud quvvatlarda xlorid kislotasining 70 foizi eksportga yo‘naltirilsa, bir yilda o‘rtacha 2,7 mln dollar miqdorida qo‘shimcha mablag‘ olishga erishiladi.

Shuningdek, ushbu yo‘nalishda xorijiy sarmoyadorlar ishtirokida istiqbolli loyihalar ishga tushishi bilan 266 ming tonna sulfat kislotasi ishlab chiqarilib, uni keyinchalik qayta ishlash orqali yuqori qo‘shimcha qiymatga ega 40 ming tonna tekstil sanoati uchun bo‘yoq – antraxinon, 21 ming tonna tog‘-kon sanoati uchun sinil kislotasi, 51 ming tonna atsetilen ishlab chiqarilishiga erishiladi.

Qonunga kiritilayotgan yangiliklar orqali prekursorlarni ishlab chiqarish va tayyorlash bo‘yicha litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik shaxslarni (davlat va xususiy korxonalar), shuningdek prekursorlarni saqlash, tashish, sotish, O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish va olib chiqishga bo‘lgan talablarni belgilangan tartibda tegishli davlat organlari tomonidan tizimli nazoratga olish imkoni yaratiladi.

Qayd etilishicha, mazkur Qonunning qabul qilinishi mamlakat kimyo sanoatining tadbirkorlar va sarmoyadorlar uchun jalb etuvchanligi ortishiga, sohada tizimli nazorat mexanizmlari joriy etilishiga, import o‘rnini bosuvchi, eksportbop mahsulotlar hamda yangi ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

135

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing