O‘zbekistonda giyohvand modda iste’mol qiluvchi yoshlarning soni ochiqlandi

Jamiyat

image

Hozirgi kunda O‘zbekistonda 6 ming nafarga yaqin yoshlar giyohvand moddalar iste’mol qiluvchilar ro‘yxatida turadi. Ularning asosiy qismi Andijon, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi. Bu haqda bugun, 11 cyentyabr kuni boshlangan Oliy Majlis Senatining yettinchi yalpi majlisida aytildi.

Senatning yettinchi yalpi majlisida “Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi. Qonun muhokamasi davomida Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Aziz Ikromov mamlakatdagi giyohvandlik vositalarini iste’mol qiluvchi yoshlar haqidagi raqamlarni ma’lum qildi.

“SSV dan olingan ma’lumotga ko‘ra, hozirgi davrda giyohvandlik moddalarini iste’mol qiluvchi 5 ming 889 nafar yoshlar hisobda turibdi. Asosiy qismi – Andijon viloyatida 1232 nafar, Farg‘ona viloyatida 1093 nafar va Toshkent shahrida 1188 nafar. Qolgan viloyatlarda 500-600 nafar yoshlar hisobda turibdi”, deydi Aziz Ikromov.

Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, hozirda yoshlar an’anaviy giyohvandlik vositalaridan voz kechib, psixotrop va kuchli ta’sir etuvchi moddalarni iste’mol qilishi ko‘paygan. Yoshlar o‘rtasida yangi paydo bo‘lgan “Tropikamid” dori vositasini iste’mol qilish kuchaygan.

Yangi qabul qilinishi kutilayotgan qonunda narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolashga yuborish to‘g‘risidagi qaror ham ko‘rsatib o‘tilgan. Mahalliy davlat hokimiyati, mehnat organlari davolanib chiqqanlarni ishga joylashtirish hamda maishiy turmushga moslashishida ko‘maklashadi.

Ahrorbek Hayrullayev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

74

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing