O‘zbekistonda erkaklar ham “dekret” ga chiqoladi

Bu qiziq

image

Avvalo ko‘pchiligimizning hayolimizga “dekret ta’tili” deganda ayollarning bolasi parvarishi uchun oladigan ta’tili keladi. Ko‘pchilik qo‘llaydigan “dekret ta’tili” yoki “dekret” aslida norasmiy og‘zaki ifoda ekanligini bilmasa kerak. Bunda odatda ikkita davr: homiladorlik va tug‘ish ta’tillari hamda bola uch yoshga to‘lgunga qadar parvarishlash uchun beriladigan ta’tillar nazarda tutiladi.  Norasmiy manbalarga ko‘ra, “dekret ta’tili” sobiq Ittifoq davrida Xalq komissarlari kengashining homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqa to‘g‘risidagi dekreti qabul qilinganidan keyin bu so‘z odamlar tiliga ko‘chgan. Biroq rasmiy hujjatlarda albatta “qonuniy” variantlardan foydalangan ma’qul.

Nazariy jihatga kelsak. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 234-moddasiga muvofiq, bolani parvarishlash uchun beriladigan ta’tillardan bolaning otasi, buvisi, buvasi yoki bolani amalda parvarishlayotgan boshqa qarindoshlari ham to‘liq yoki uni qismlarga bo‘lib foydalanishlari mumkin.

Ba’zan farzand dunyoga keltirgan ayol homiladorlik va tug‘ish ta’tili tugaganidan so‘ng, ba’zi bir sabablarga ko‘ra bolani parvarishlash uchun ta’tilga chiqish imkoniga ega bo‘lmasligi mumkin. Bu holda qonunchilik bolaning otasi, buvisi, buvasi yoki bolani amalda parvarishlayotgan boshqa qarindoshlariga bunday ta’tillardan foydalanish huquqini beradi.

Mehnat kodeksi 234-moddasida ta’kidlangan “boshqa qarindoshlari” deganda biz, Oila kodeksining 57-moddasida nazarda tutilgan, bir umumiy uchinchi shaxsdan (ajdoddan) kelib chiqqan shaxslar qarindoshlar ekanligini bilib olishimiz mumkin. To‘g‘ri, shajaradagi qarindoshlar – bolalar, ota-ona, nevaralar, bobosi, buvisi, evaralar, katta bobosi, katta buvisi va h.k.

Yon shajara bo‘yicha qarindoshlar – aka-uka, opa-singil, ularning bolalari, ota-onaning aka-uka va opa-singillari hamda ularning bolalari, bobo va buvilarning aka-uka hamda opa-singillari va ularning bolalari va h.k.

Masalan, oila a’zolari yosh ona farzand dunyoga keltirgandan keyin ishga chiqishi, bolani esa otasi parvarishlashiga qaror qildilar. Buning uchun u ish joyida bolani parvarishlash uchun ta’til berishlarini so‘rab ariza yozishi kerak. Ish beruvchi bunday iltimosni qanoatlantirishdan bosh tortishga haqli emas, chunki bu ma’muriy javobgarlikka olib keladi. Ariza erkin shaklda yoziladi va quyidagi mazmunda bo‘lishi mumkin: “Bolani, farzandimni (uning F.I.O. va tug‘ilgan sanasini ko‘rsatib) u ikki yoshga to‘lgunga qadar parvarishlash uchun ta’til berishingizni so‘rayman”.

O‘zbekiston qonunchiligida “dekret”ni rasmiylashtirish uchun arizaga ilova qilinadigan hujjatlar berilmagan. Biroq, quyida berilgan hujjatlarni ilova qilingani maqsadga muvofiq bo‘ladi.

1.  Parvarishga muhtoj bo‘lgan bolaning tug‘ilganligi to‘g‘risida guvohnoma;

2.  Ariza beruvchi bolaning ota-onasidan biri bilan qarindoshlik aloqasini tasdiqlovchi hujjat. Biz ko‘rib chiqayotgan vaziyatda – bu ariza beruvchining (ya’ni otasining) shaxsini tasdiqlovchi hujjati;

3.  Bolaning otasi va onasiga bolani parvarishlash ta’tili berilmayotganligi haqida ularning ish joyidan ma’lumotnomalar.

Kadrlar bo‘limi xodimi ushbu hujjatlarning asl nusxalari bilan tanishib chiqib, ulardan nusxa olib, ularni xodimning shaxsiy yig‘majildiga tikib qo‘yadi. Shundan keyin bolani parvarishlash uchun ta’til berish to‘g‘risida buyruq chiqarish zarur.

Samandar Haqqiyev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

dekret

Baholaganlar

583

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar