O‘zbekistonda eng yuqori inflyatsiya poytaxt Toshkentda bo‘lyapti

Jamiyat

image

2020 yilning yanvar – oktyabr oylarida eng yuqori inflyatsiya poytaxt Toshkentda kuzatilgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki ma’lum qilmoqda. 

Ta’kidlanishicha, joriy yilning yanvar – oktyabr oylarida respublika bo‘yicha inflyatsiya
darajasi 7,8 foizni tashkil etgan. 

Bunda, oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘sishi (10 foiz) umumiy inflyatsiya darajasidan yuqori, nooziq-ovqat tovarlari (6,9 foiz) va ixizmatlar narxlari o‘zgarishi (5,2 foiz) esa past darajada shakllangan. 

Joriy yilning o‘tgan 10 oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari yuqori oshishiga karantin sharoitida birlamchi iste’mol tovarlariga bo‘lgan talabning sezilarli darajada oshishi hamda sentyabr-oktyabr oylarida ayrim tovarlar narxlariga taklif omillari ta’siri bilan izohlanadi. Bunda, oktyabr oyi davomida tuxum (17,7 foizga), o‘simlik yog‘i (11,2 foizga), paxta yog‘i (13,6 foizga), shakar (9,8 foizga) hamda sabzavot mahsulotlari narxlarida mavsumiy (5,8 foizga) yuqori o‘sish kuzatilgan.

Yilning yanvar-oktyabr oylarida, Toshkent shahrida narxlar o‘rtacha 10,9 foizga, Toshkent viloyatida 8,2 foizga, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarida mos ravishda 8,1 va 8 foizga oshib, respublika umumiy ko‘rsatkichidan yuqori shakllangan bo‘lsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Surxondaryo, Andijon, Namangan hamda Farg‘ona viloyatlarida inflyatsiya respublika ko‘rsatkichidan pastroq darajada shakllangan. 

Joriy yil oktyabr oyida iste’mol narxlari yuqori inflyatsion bosim sharoitida shakllanib, o‘tgan oyga nisbatan 1,4 foizga oshdi. Narxlarning oshishiga, asosan, oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining sentyabr oyiga nisbatan 2,3 foizga qimmatlashishi sabab bo‘lgan. 

Umuman olganda, oktyabr oyida yillik inflyatsiya darajasi 11,5 foizni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga (16,3 foiz) nisbatan 4,8 foiz bandga sekinlashgan. Yillik inflyatsiya darajasining pasayishi, asosan, 2019 yilning avgust oyidagi tartibga solinadigan narxlar oshirilishi ta’sirlarining tugab borishi bilan izohlanadi.
 


Maqola muallifi

Teglar

inflyatsiya

Baholaganlar

173

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing