O‘zbekistonda efirga uzatilishi mumkin bo‘lgan xorijiy telekanallar soni ortdi
Bu qiziq
−
14 dekabr 2022
18701O‘zbekiston hududida efirga uzatilishga ruxsat berilgan xorijiy telekanallar ro‘yxati 50 tadan 192 taga kengaytirildi. Bu haqda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, mamlakat hududida tarqatilishiga ilgari ruxsat berilgan 50 ta xorijiy telekanal asosida yangi tahrirdagi ro‘yxat ishlab chiqilgan. Undan 192 ta telekanal joy olgan.
Ushbu ro‘yxatga ijtimoiy-siyosiy masalalarni yoritishga va yangiliklar tarqatishga ixtisoslashgan 35 ta, filmlar va seriallar namoyishiga mo‘ljallangan 37 ta, “National Geographic Channel” kabi ilm-fan yutuqlarini namoyish etuvchi ilmiy-ommabop, ma’rifiy yo‘nalishdagi 34 ta, bolalar va o‘smirlar auditoriyasiga mo‘ljallangan 27 ta, sportga oid mavzularni yoritishga ixtisoslashgan 20 ta va musiqiy-ko‘ngilochar kontent tarqatuvchi 39 ta xorijiy kanal kiritilgan.
Mazkur ro‘yxatdagi xorijiy telekanallar pulli televideniye operator va provayderlari tarmoqlari orqali tarqatiladi.
Ma’lumot uchun, xorijiy telekanallarni O‘zbekiston hududida tarqatish mualliflik va turdosh huquqlar sohasini tartibga soluvchi milliy qonunchilik hujjatlari va xalqaro huquq normalari talablariga muvofiq, xorijiy kontent egalari bilan tegishli shartnomalarni tuzgan holda yoki ularning roziligi bilan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi hududida efirga uzatiladigan xorijiy telekanallar ro‘yxati bilan ushbu havola orqali tanishishingiz mumkin.
Ozoda Choriyeva
LiveBarchasi