O‘zbekistonda dori reklamasini cheklash taklif qilindi
Jamiyat
−
09 yanvar 2023 5028 2 daqiqa
“Yuksalish” umummilliy harakati ommaviy axborot vositalarida dorilar reklamasiga cheklovlar joriy etishni taklif qildi.
“Shu kunlarda “Dok-1 Maks” preparatini qabul qilish oqibatida bolalar hayotdan ko‘z yumgani bilan bog‘liq vaziyat barchamizni chuqur qayg‘uga soldi. Bu fojia mamlakatimizda sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohasida muammolarimizni yaqqol ko‘rsatib berdi”, deyiladi xabarda.
Kelgusida bunday holatlarning oldini olish uchun “Yuksalish” umummilliy harakati quyidagilarga chaqiradi:
• Dori vositalarini nazoratsiz qo‘llash amaliyotini qayta ko‘rib chiqish. Ko‘plab dori vositalarini shifokor retseptisiz, dorixonalardan osongina xarid qilishimiz mumkinligi dorilardan noto‘g‘ri foydalanish xavfini keltirmoqda;
• OAVlarda dorilar reklamasiga cheklovlar joriy etish. Xususan, dori vositalari reklamasini faqat Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ruxsati bilan amalga oshirish. Kelgusida OAVlarda dorilarining bevosita reklamasini taqiqlash imkoniyatini ko‘rib chiqish;
• Dori vositalarining reklamasiga oid qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish. Masalan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksni dori vositalari reklamasiga qo‘yiladigan talablarni buzganlik uchun BHMning 20 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda jarima solishni nazarda tutuvchi alohida norma bilan to‘ldirish. Og‘ir oqibatlarga olib kelgan huquqbuzarliklar (inson sog‘lig‘iga ziyon yetsa, o‘limga olib kelsa) jinoiy javobgarlikka asos bo‘lishi kerak;
• Dori vositalarini ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar va sertifikatlash tashkilotlari mas’uliyatini kuchaytirish. Shu maqsadda, Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi sub’ektlari qatoriga sifatsiz, qalbakilashtirilgan va xavfsizlik talablariga javob bermaydigan dori vositalarini tarqatishga yo‘l qo‘ygan shaxslarni ham kiritish;
• Farmatsevtika sohasida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash. Keng aholi manfaatlariga daxldor bo‘lgan farmatsevtika sanoatiga oid axborotlarni berib boruvchi ochiq ma’lumotlar bazasini shakllantirish lozim;
• Fuqarolarning zamonaviy tashxis imkoniyatlaridan foydalanishini, davolashning yagona standartlariga asoslangan tibbiy sug‘urta tizimiga o‘tishini tezlashtirish.
“Yuksalish” harakati tibbiyot muassasalari va farmatsevtika sohasi institutlarini tijoriy emas, balki ijtimoiy manfaatlarni ustuvor qo‘yishlariga chaqirgan.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr