O‘zbekistonda davlat xizmatchilarining huquqiy savodxonligi test orqali tekshiriladi
Jamiyat
−
26 noyabr 2020
6387O‘zbekistonda 2021 yilning 1 yanvaridan davlat boshqaruvi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining huquqiy savodxonligini oshirish va uning darajasini maxsus test tizimidan foydalangan holda baholab borish tizimi yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat xizmatchilarining huquqiy savodxonligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasida so‘z boradi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 19 maydagi “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Adliya vazirligi davlat boshqaruvi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining huquqiy savodxonligini oshirish va uning darajasini maxsus test tizimidan foydalangan holda baholab borish to‘g‘risidagi taklifni kiritmoqda.
Hukumat qarori bilan Davlat xizmatchilarining huquqiy savodxonligi darajasini baholash tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlanadi.
Unga ko‘ra:
• davlat boshqaruvi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari davlat xizmatchilarining huquqiy savodxonligini oshirish bo‘yicha o‘qitish ishlarini tashkil etadi;
• davlat xizmatchilarining huquqiy savodxonligi darajasini baholash O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan Davlat xizmatining yagona elektron-axborot tahlil tizimidagi “Davlat xizmatchilarini sinovdan o‘tkazish moduli” – maxsus test tizimidan foydalangan holda amalga oshiriladi;
• O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan davlat xizmatchilarining huquqiy savodxonligi darajasini baholash natijalari monitoring qilinadi.
Qaror qabul qilinsa, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda test savollarini ishlab chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligiga taqdim etishi kerak.
Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining – IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti boshlig‘i O. Umarov hamda adliya vaziri R. Davletov zimmasiga yuklanadi.
LiveBarchasi